Joriy yil 7 oktyabr kuni soat 14.10 dan 8 oktyabr soat 24.00 ga qadar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 26 nafar fuqaro ko`ngil aynishi, qayd qilish, bosh og`rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og`riq, tana haroratining ko`tarilishi kabi shikoyatlar murojaat qilishgan. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Ular “Ovqat toksikoinfeksiyasi” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan bo`lib, bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.
Mazkur holat bo`yicha Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan o`tkazilgan birlamchi epidemiologik surishtiruv natijasida quyidagilar aniqlandi.
Shifoxonaga murojaat qilgan fuqarolar joriy yilning 6 oktyabr kuni soat 13.00 va 17.30 oralig`ida Samarqand shahridagi Siyob dehqon bozori hududida joylashgan “Baxtiyor” MChJga qarashli xot-dog tayyorlash shoxobchasidan xot-dog va shaurma mahsulotlarini iste`mol qilishgan. Mazkur shoxobcha o`rganilganda, shoxobcha o`z faoliyatini to`xtatganligi va xot-dog mahsulotlari mavjud emasligi aniqlandi.
– Mutaxassislarimiz tomonidan mazkur xot-dog shoxobchasi atrofidagi xonadonlarda xot-dog va shaurma mahsulotlarini harid qilib, iste`mol qilgan fuqarolarni aniqlash, tibbiy ko`rikdan o`tkazish maqsadida tibbiyot xodimlarini jalb etgan holda, uyma-uy ko`riklar tashkil etildi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – “Baxtiyor” MChJda bir kunlik muddatda tekshirish o`tkazish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakiliga tegishli hujjatlar to`planib, buyurtma tayyorlandi.
Bemorlarning ahvoli, yakuniy tashxis hamda o`tkazilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar to`g`risida qo`shimcha axborot taqdim etiladi.
Ushbu vaziyat Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan qat`iy nazoratga olingan.
Avvalroq Bosh prokuratura 6 nafar zaharlanganlar haqida ma`lumot bergandi.






