Shimoli-g`arbiy harbiy okrugda eng mas`uliyatli tadbirlardan biri – qurol-yarog` va harbiy texnikalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga o`tkazish ishlari boshlandi. Ushbu kompleks tadbirlar harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitida sozligini ta`minlash uchun o`tkaziladi.
Jumladan bugun, 8 oktyabr kuni Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida qurol-yarog` va harbiy texnikalarni yozgi sharoitdan qishki sharoitda foydalanish rejimiga o`tkazish bo`yicha ko`rgazmali mashg`ulot tashkil etildi.
Mashg`ulotda Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Dilshod Choriev, okrug qo`mondonligi, harbiy xizmatchilar hamda o`quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
“Harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini ta`minlashda ularga ko`rsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati katta. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi o`ziga biriktirilgan qurol-yarog` va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun mas`uldir”, – dedi Dilshod Choriev.
Shuningdek, okrug qo`shinlari qo`mondoni mashg`ulotlar davomida harbiy texnikalarni soz va shay holatda asrashda ko`rsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati haqida ham harbiy xizmatchilarga aytib o`tdi.
Ko`rgazmali mashg`ulotni tashkil etish uchun harbiy qismning harbiy texnikalarni saqlash parkida o`nlab o`quv nuqtalari tashkil etildi. U erda jangovar mashina, tank, zirhli transportyor, maxsus texnika, transport va aloqa vositalarniqishki sharoitda foydalanish rejimiga o`tkazish ishlarining ahamiyati, texnika xavfsizligi qoidalari, tashkil etilgan postlarda samarali va sifatli ish olib borish, qurol-yarog` va texnikani ob-havoning past harorati hamda yog`in-sochinli sharoitlarda ishlatish qoidalari bo`yicha mutaxassislar tomonidan yo`riqnoma berildi.
Mazkur tadbirlarni bajarishda texnologik xaritalarga ko`ra harbiy qismlardagi texnikalarda sovutish suyuqliklari almashtiriladi, har bir jangovar mashina agregat va tugunlari tekshiriladi, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari o`tkaziladi, yoqilg`i-moylash ashyolari yangisiga almashtiriladi, elektr va aloqa jihozlarining sozligi nazoratdan o`tkaziladi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Mudofaa vazirligi qo`shinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga o`tkazish yiliga ikki marotaba – bahor va kuzda tashkil etiladi.
Tadbir rejasiga ko`ra oktyabr oyining oxirigacha Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlaridagi mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalarning barchasi qishki mavsumda foydalanish uchun shay holatga keltiriladi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati






