Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan joylarda harbiy xizmatchilar va keng jamoatchilikni jalb etgan holda qator tadbirlar, xususan, davra suhbatlari, uchrashuv o`tkazilib, targ`ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Shu kunlarda Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi ofiserlaridan iborat ishchi guruhlar Sirdaryo viloyatida e`lon qilingan “Ma`naviyat haftaligi” doirasida eng chekka hududlardagi 40 dan ortiq umumta`lim maktablarida bo`lib, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, ma`naviyatlarini yanada oshirish va kitobga oshno qilish bo`yicha uchrashuv va davra suhbatlari o`tkazdi.
Maktab o`quvchilari uchun tashkil etilgan bu kabi uchrashuvlar ular dunyoqarashini yuksaltirish, san`at, badiiy adabiyotga nisbatan mehr hislarini uyg`otishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo`lmoqda. Eng faol o`quvchilarga harbiy xizmatchilar tomonidan badiiy adabiyotlar sovg`a qilindi.
Mudofaa vazirligi tomonidan bu ishlar davom ettirilib, boshqa viloyatlarda ham “Ma`naviyat haftaligi” tashkil etilib, yuqoridagi kabi masalalarga alohida e`tibor qaratiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






