Respublikadagi 10 ta OTM xalqaro e`tirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 ta o`rindagi OTMlar ro`yxatiga kiritiladi.
Prezident Farmoni bilan O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiyaga muvofiq, oliy ta`lim sohasida davlat-xususiy sheriklik rivojlantiriladi, hududlarda oliy ta`lim bilan qamrov darajasi 50 foizdan oshiriladi.
Shuningdek, respublikadagi kamida 10 ta OTM xalqaro e`tirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 ta o`rindagi OTMlar ro`yxatiga, shu jumladan, O`zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti birinchi 500 ta o`rindagi OTM ro`yxatiga kiritiladi.
Bundan tashqari OTMlarda o`quv jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o`tkaziladi.
Farmon bilan, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda O`zbekiston oliy ta`lim muassasalari rektorlari kengashi negizida NNT shaklidagi Respublika oliy ta`lim kengashi tashkil etildi.
Kengashning asosiy vazifalaridan biri so`rovlar o`tkazish, jamoatchilik fikrini o`rganish orqali oliy ta`lim sifatini oshirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Shuningdek, Farmonga ko`ra, respublika OTMlari rahbar xodimlarining xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishini bo`ysunuvi bo`yicha tegishli vazirlik va idorani xabardor qilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilindi.