Xitoydan kelgan uch nafar sayyoh Shahrisabzga borib kelish uchun taksi gaplashadi (ma`lumot uchun Samarqanddan Shahrisabzga boradigan taksilar Registon maydoni yaqinida turadi).
Xullas, 3 nafar xitoylik Amir Temur mangu orom topgan yurtdan uning ona shahriga borib, qaytib kelish uchun 250 ming so`mga taksi kira qiladilar (chindan Shahrisabzga borib kelish kishi boshiga 60-70 mingdan tushadi. Taksist esa 4 kishi ketadigan mashinada 3 kishini olib borib, olib kelgan), deb yozadi Kun.uz nashri.
Sayyohlar pulni berayotganda muammo sodir bo`ladi. Xitoyliklar bizning nollari ko`p kupyuralarimizni sanashda chalg`ib ketib, 250 ming so`m o`rniga 2,5 million so`m berishadi. Taksist esa o`zining aytishicha, pulni qanchaligiga e`tibor bermay oladi (vaholanki 250 ming va 2,5 million so`mni ushlab ko`rib ham farqlash qiyin emas).
Sayyohlardan biri negadir ko`p pul berib yubordim deb o`ylaydi va buni aniqlashtirish uchun Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan Tourist Police xodimlariga murojaat qiladi. Registon maydonida sayyohlarga xizmat ko`rsatadigan leytenant Zuhra Rahmatova xitoylik sayyohlarga yordam berish uchun Tourist police qoshidagi «GAI» xodimlarini yordamga chaqiradi.
Xitoylik sayyohlar o`zlari mingan mashinani suratga olishgandi va uni topish qiyin bo`lmaydi. 250 ming so`m o`rniga 2,5 million so`m olgan taksist bir soat ichida topiladi va xitoyliklar bergan ortiqcha pul ularga qaytib beriladi. Sayyohlar murojaat qilganidan bir soat o`tiboq pullari qaytarilganidan hayron qolganlarini aytishdi.






