17 yanvardan boshlab Toshkent shahrida sayyohlik uchun mo`ljallangan dastlabki ikki qavatli avtobuslar harakatlana boshlaydi. Bu haqda dabldekerlarni xarid qilgan Aznur Travel kompaniyasining bosh direktori Ulug`bek Nurmatov axborotiga tayanib, «Gazeta.uz» xabar bermoqda.
Tashkent city tour degan yozuv hamda O`zbekiston logotipi bitilgan ikki avtobus barcha tegishli jarayonlar va kelishuvlardan, shuningdek, sinovdan o`tgach, o`z yo`nalishiga chiqishga tayyor turibdi.
Avtobuslar harakatni poytaxt markazidagi O`zbekiston mehmonxonasidan soat 9:00, 10:00, 12:00, 13:00, 15:00 va 16:00 da boshlaydi va 2,5 soat mobaynida 34 kilometrni bosib o`tadi. Bunda dabldekerlar Toshkentning 8 ta diqqatga sazovor joyi va tarixiy yodgorligi atrofida 10—15 daqiqalik tanaffus qiladi.
Mazkur sayyohlik avtobuslari uchun chipta narxi bolalarga 15 ming so`m, kattalarga 25 ming so`m, chet el fuqarolari uchun Markaziy bank kursi bo`yicha 20 AQSh dollarini tashkil etadi.
Chipta bir kun mobaynida amal qiladi, ya`ni yo`lovchilar istalgan bekatda uzoqroq qolish va kun oxiriga qadar boshqa reysdagi avtobusda qaytish imkoniga ega bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, Xitoyning Higer kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ikki dabldeker Toshkentga dekabr oyi o`rtalarida keltirilgan edi. Aznur Travel kompaniyasi bunday ikki qavatli avtobuslar miqdorini 15 tagacha etkazib, yangi sayyohlik yo`nalishlarini joriy etishni rejalashtirmoqda.