Toshkent shahar jamoat transporti tomonidan 2014 yilning 11 oyi davomida 318 million nafar yo`lovchi tashildi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi boshqaruv raisi o`rinbosari Mohir Valiev so`zlariga asoslangan «Poytaxt transporti» gazetasiga tayanib, «Kun.uz» xabar bermoqda.
2014 yilning yanvar—noyabr oylari davomida Toshkent shahrida avtobus saroylari tomonidan 246,6 million, «Toshkent tramvayi» unitar korxonasi tomonidan 14,8 million yo`lovchiga xizmat ko`rsatilgan. Ayni vaqtda, Toshkent metropoliteni 56,6 million nafar yo`lovchini o`z manziliga etkazib qo`ygan.
Valievning qayd etishicha, kompaniya 2014 yilda 225 milliard so`mdan ortiq daromad olishni kutmoqda, o`sish sur`ati esa o`tgan yilga nisbatan 8,5 foizni tashkil etmoqda.
Qayd etilishicha, hisobot davrida «Toshshahartransxizmat»ning yo`nalish daromadlari 3,5 foizga, oylik yo`l chiptalari daromadlari esa 8,3 foizga o`sgan.





