AsosiyJamiyat

Mamlakat fermerlarining deputatlarga murojaati ko`rib chiqildi

'Mamlakat fermerlarining deputatlarga murojaati ko`rib chiqildi'ning rasmi

2019 yil 9 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi parlament eshituvi o`tkazildi. Unda O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi Rayosatining G`alla etishtiruvchi fermer xo`jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta`minlash yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo`llangan Murojaatnomasi muhokama qilindi hamda ayni masala yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligining axboroti eshitildi.

Joriy yil 2 oktyabr kuni parlament quyi palatasiga O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashidan g`alla etishtiruvchi fermer xo`jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta`minlash yuzasidan Murojaatnoma kelib tushgan edi. 

Shundan so`ng uch kun davomida deputatlar tomonidan g`alla etishtiruvchi fermer xo`jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati hududlarga chiqib o`rganildi.

O`rganishlar jarayonida deputatlar tomonidan minglab fermer xo`jaliklari vakillari bilan bevosita uchrashuv va muloqotlar o`tkazildi. Majlisda ana shu o`rganish yakunlari atroflicha muhokama qilindi.

Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan fermerlar Murojaatnomasida ko`tarilgan masalalar va takliflar joylarga chiqqan holda o`rganilganda bu borada qator o`z echimini kutayotgan muammolar borligi ma`lum bo`ldi. Xususan, g`alla etishtirish va uni qayta ishlash sohasining asosan davlat tomonidan boshqarilishi, xarid narxlarning belgilanishi don korxonalari va fermer xo`jaliklari o`rtasida qabul qilingan g`alla uchun hisob-kitobni yakuniga etkazishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada mablag`larning o`z vaqtida to`lab berilmayotgani fermer xo`jaliklarining iqtisodiy holatiga salbiy ta`sir etmoqda.

Shuningdek, don korxonalarining ham un ishlab chiqarishda ma`lum miqdorda zarar ko`rib, fermer xo`jaliklari oldidagi kreditorlik qarzdorligi oshmoqda. Don korxonalarida un mahsulotlari ishlab chiqarishda bozor iqtisodiyoti mexanizmi yo`lga qo`yilmagani, mahsulot etishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va iste`mol qiluvchi o`rtasida samarali tizim yaratilmaganini yaqqol ko`rsatib turibdi. Bu esa, turli xil suiiste`molchiliklarni ham keltirib chiqarmoqda.

Davlat xaridlari bo`yicha fermerlarning g`allasiga past narx belgilab, uning arzon bahoda sotilish mexanizmi fermerlar va don korxonalariga iqtisodiy manfaatdorlik keltirmayapti. Ularni g`alla hosildorligini oshirishga rag`batlantirmayapti.

Eng muhimi, g`alla etishtiruvchi fermerlarning o`z mehnati mahsuli bo`lgan donning narxi va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotish tizimi bozor mexanizmlari asosida shakllanmagani ularning ertangi kunga to`liq ishonch bilan qarashiga imkon bermayapti.

Joylardagi o`rganishlar yana shuni ko`rsatmoqdaki, ayrim hollarda aholi tomonidan non mahsulotlari isrof etilmoqda.

Muhokamalardan kelib chiqib, majlis ishtirokchilari bunday sharoitda g`alla etishtiruvchi fermerlarning mashaqqatli mehnati mahsuli bo`lgan donning narxi va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotish tizimining bozor mexanizmlari asosida shakllantirilishi muhim ahamiyat kasb etadi, degan yakdil qarorga keldilar.

Deputatlar hukumat don sotib olish, un va qolipli non mahsulotlarini sotish, shuningdek, ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta ko`rib chiqqan holda, fermer xo`jaliklari, don korxonalari va iste`molchilar o`rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni bozor mexanizmlariga o`tkazish bo`yicha tegishli choralar ko`rishi lozimligini ta`kidladilar. Shuningdek, fermer xo`jaliklarida g`alla etishtirish uchun talab etiladigan yoqilg`i-moylash mahsulotlari, mineral o`g`itlar va o`simliklarni himoya qilish vositalarini hamda boshqa resurslarni etkazib berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi. Bunda rivojlangan davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda, respublikada g`allaga xarid narxi belgilash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozorda shakllangan talab va taklif asosida g`allani erkin narxlarda sotish tizimini yaratish chora-tadbirlarini ko`rish tavsiya qilindi.

O`z navbatida, parlament a`zolari Moliya vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda don, un va non mahsulotlari narxlari to`liq erkinlashtirilishi natijasida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni amalga oshirish, davlat tomonidan g`alla etishtirishni qo`llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo`jaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirib borishi darkorligini aytib o`tdilar.

Bir so`z bilan aytganda, mazkur eshituv yakuni bo`yicha qabul qilingan palata qarorida hukumat, mutasaddi vazirlik va idoralarga qishloq xo`jaligi korxonalari tomonidan etishtiriladigan don va uni qayta ishlashdan olinadigan un, qolipli non mahsulotlarini sotish, sotib olish, shuningdek, ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta ko`rib chiqib, ushbu tizimga to`liq bozor mexanizmlarini joriy etish, narxlarning erkinlashtirilishi bo`yicha tegishli amaliy choralar ko`rish yuzasidan qator tavsiyalar aks etdi.

    Boshqa yangiliklar