Oktyabr oyning ilk kunlarida “Yaponiyadan O`zbekistonga kelgan sayyohlar guruhi harakatlanayotgan avtobus Samarqand-Qarshi avtomagistralida ketayotib, yoqilg`isi tugab, bir soatga yaqin vaqt davomida voqea joyida ushlanib qolganligi” haqida ma`lumotlar tarqalgan edi. O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tegishli turistik tashkilot bilan birgalikda ushbu hodisa yuzasidan batafsil tekshiruv o`tkazdi va ma`lumot berdi.
Ta`kidlash joizki, maqolada nazarda tutilgan turistlarga “Azim Travel Servis” MChJ tomonidan xizmat ko`rsatilgan, avtobus ham mazkur sayyohlik tashkilotiga tegishli bo`lgan. Qarshi-Samarqand avtomagistralida harakatlanayotgan sayyohlar ijtimoiy tarmoqlarda keltirilganidek - yaponiyalik emas, aslida xitoylik bo`lgan. 2-oktyabr kuni 22 kishidan iborat sayyohlar guruhining turistik marshruti Termizdan Buxoro shahri tomon yo`nalayotgan bo`lgan. Xitoylik sayyohlar guruhi qo`shimcha maskanlarni ko`rish istagini bildirgani bois avtobusni boshqarayotgan haydovchi Koson tumanidagi “Fayzullo qutlug` qadam” MChJga qarashli AYoQShda to`xtagan.
Xitoylik sayyohlardan yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulaylik uchun “Azim Travel Servis” rahbariyati tomonidan uzr so`ralgan. Shuningdek, ularni kechki ovqat bilan mehmon qilingan va esdalik sovg`alari ham topshirilgan. Xitoylik sayyohlar vaziyatni to`g`ri tushungan holda, O`zbekistondagi sayohatlari mazmunli oʻtgani va bundan mamnun ekanliklarini bildirishdi. “Bizga ko`rsatilgan xizmatlar, mehmondo`stlik uchun chin dildan minnatdorchilik bildiramiz. O`zbekistonga sayohat qilganimdan juda mamnunman. Kelgusida go`zal va tarixiy diyoringizga yana bir bor sayohat qilishni niyat qildim”, - deydi xitoylik turistlardan biri Yan Lulu.
Shunday bo`lsa-da, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan hodisa yuzasidan turkompaniya vakillari bilan suhbat o`tkazilib, ulardan bunday vaziyat takrorlanmasligiga oid tushuntirish xati olindi, yuqoridagi vaziyatda tajribasizlik qilgan xodimlarga xayfsan berildi hamda ularga professional xizmat ko`rsatishga doir malakalarini oshirish tavsiya etildi.