AsosiyJamiyat

“Spark” olish uchun qancha paxta terish kerak?

'“Spark” olish uchun qancha paxta terish kerak?'ning rasmi

Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus tumanidagi “Baqanshaqli” ovul fuqarolar yig`ini hududidagi “Rustam” fermer xo`jaligida “O`n kunda eng ko`p paxta tergan oila” tanlovining hududiy bosqichi g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Tadbirda o`n kun davomida 7 tonna 146 kilogramm paxta tergan “Kerder” ovul fuqarolar yig`ini hududidan Atashovlar oilasiga “Spark” avtomashinasi tantanali tarzda topshirildi. Ular tergan paxtasi uchun 7 million so`mga yaqin pul olib, oilasiga qo`shimcha daromad ham kiritgan.

Bundan tashqari, o`n kun davomida 5 tonna 599 kilogramm paxta tergan “Oqmang`it” posyolka fuqarolar yig`inidan To`reboevalar oilasi muzlatkich, 4 tonna 803 kilogramm paxta tergan mazkur posyolka fuqarolar yig`inidan Yusupovalar oilasi gaz plitasi, 2 tonna 571 kilogramm paxta tergan “Oqterak” ovul fuqarolar yig`inidan Genjabaevalar hamda 2 tonna 445 kilogramm paxta tergan “Baqanshaqli” ovul fuqarolar yig`inidan Uzoqbergenovlar oilasi zamonaviy televizor bilan taqdirlandi.

Ta`kidlanganidek, joriy yilgi paxta yig`im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o`tkazish hamda faol terimchilarni rag`batlantirish maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi tomonidan shu yilning 27 sentyabrdan 7 oktyabr oralig`ida “O`n kunda eng ko`p paxta tergan oila” tanlovi uchta hudud bo`yicha e`lon qilingan edi. Birinchi hududda To`rtko`l, Beruniy, Ellikqal`a, Amudaryo tumanlari, ikkinchi hududda Taxiatosh, Xo`jayli, Shumanay, Qonliko`l, Qo`ng`irot tumanlari, uchinchi hududda Nukus, Kegeyli, Chimboy, Taxtako`pir, Qorao`zak tumanlaridan 172 oiladan 504 terimchi qatnashdi. Ular tomonidan 500 tonnaga yaqin paxta terildi. Ishchi guruh a`zolari tomonidan eng ko`p paxta tergan oilalar aniqlandi.

Shunday qilib, birinchi hududdan Beruniy tumani “Do`stlik” ovul fuqarolar yig`inidan o`n kunda oila a`zolari bilan 8 tonnaga yaqin paxta tergan Gulhumor Ro`zimova, ikkinchi hududdan Qonliko`l tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig`inidan 8 tonnadan ortiq paxta tergan Jiyengul Eshanova oilasi, uchinchi hududdan Nukus tumani “Kerder” ovul fuqarolar yig`ini hududidan 7 tonna 146 kilogramm paxta tergan Ikrambay Atashovlar oilasi g`olib bo`lib, har biri “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Tashkilotchilar tomonidan keyingi o`n kunlik uchun ham mana shunday tanlov tashkil etilishi rejalashtirilib, g`ayratli terimchilarni, faol oilalarni qimmatbaho sovg`alar kutmoqda.

    Boshqa yangiliklar