AsosiySalomatlik

Tanadagi shishlar qanchalik xavfli?

'Tanadagi shishlar qanchalik xavfli?'ning rasmi

“Mening hech qaerim og`rimaydi. Ammo ba`zida oyoqlarim shishadi. Charchoqdan ham oyoq shishishi mumkinmi? Bu xavflimi?”

Gulbahor, Yangiariq tumani

Sahifa eksperti: Yorkinoy Toshpo`latova, terapevt

Shishlar qon va to`qimalar orasida suv almashinuvi buzilishi natijasida to`qimalarda suyuqlik to`planishi oqibatidir. Umumiy va hududiy shishlar o`zaro farqlanadi. Hududiy shishlar ma`lum sohada yoki a`zoda, yuz, qovoq yoki tizzada bo`lishi mumkin. Og`ir holatlarda umumiy suv yig`ilishi yuzaga keladi. Bu inson hayoti uchun xavflidir.

Sabablari

  • Limfa yoki vena oqimi izdan chiqishi
  • Kamharakat turmush tarzi
  • Buyrak ishidagi nosozliklar
  • Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari
  • Venalarda tromb hosil bo`lishi
  • Gormonlar me`yori buzilishi
  • Jigar sirrozi, saratoni
  • Qandli diabet va qalqonsimon bez kasalliklari
  • Noto`g`ri ovqatlanish
  • Dorilarni noto`g`ri qabul qilish
  • Homiladorlik 

Gap nimada?

Shish sababi yurakda bo`lsa, shishlar kattalashib boradi. Og`ir holatlarda ular bel va dumg`azagachaga etadi. Bunda qorin va ko`krak bo`shlig`ida suv paydo bo`lishi mumkin. Bunday shishlar hansirash, yurak sust urishi, yurak sohasida og`riq, teri ko`karishi, venalar bo`rtib chiqishi va jigar kattalashishi bilan kechadi.

Semizlikda

Semiz ayollarda ham oyoqlarda simmetrik shish kuzatiladi. Bu shishlar hayz oldidan, ko`p o`tirganda, issiq suvda cho`milganda, sho`r ovqat eganda yanada kattalashadi. Shishlar yumshoq bo`ladi va bosganda o`ziga xos iz qoladi.

Qalqonsimon bez muammolarida

Qalqonsimon bez sust ishlaganda ham elka, yuz va boldir sohasida shish paydo bo`ladi. Shish bilan bir vaqtda gipoterioz belgilari: modda almashinuvi sekinlashishi, depressiya, uyqusirash, soch, tirnoq va qosh to`kilishi, tishlar ko`p chirishi, ovoz yo`g`onlashishi, eshitish pasayishi va yurak sekin urishi kuzatiladi. Qon tahlilida tiroksin va triyodtironin gormonlari etishmasligi aniqlanadi.

Buyrak xastaligida

Bunda shishlar tez ortib boradi. Yuz shishib, ko`z kichrayadi. Og`ir holatda butun tana shishadi. O`pka va qorinda suv yig`iladi. Bemorni holsizlik, charchoq, terlash, uyqusizlik, ishtaha bo`g`ilishi, teri qurishi va qichishi qiynaydi. Peshob tahlilida va tomograf, UTT tekshiruvida buyrak kasalligi qayd etiladi.

Jigar sirrozida

Bu kasallikda qorinda suv to`planishi rivojlanadi. Bemorda tomirda uchraydigan gemangioma (xavfsiz o`sma) paydo bo`lishi mumkin, terida “yulduzcha”lar, kaft qizarishi, taloq kattalashishi, sariqlik kuzatiladi. 

Allergik shishda

Allergik shish ham tez kattalashishi bilan xavfli. Unda yuz, lab va bo`yin shishadi. Bu halqum shilliq qavatiga tarqalsa, nafas to`xtab qolishi xavfi tug`iladi.    

Nima qilish kerak?

Agar sizda shish kuzatilsa, aslo o`z-o`zingizni davolashga urinmang. O`zi o`tib ketishini ham kutmang va zudlik bilan shifokorga murojaat qiling. Faqat mutaxassis uning sababini aniqlashi, aniq tashxis qo`yishi va to`g`ri davo tayinlashi mumkin.

Darvoqe...

Shishlar ba`zan sog`lom odamlarda ham uchraydi. Masalan issiqda, ko`p yurganda, ko`p o`tirganda, kun bo`yi ishlaganda. Ayrimlarda ertalab uyqudan uyg`onganda yuz shishadi. Bu esa xuddi hasharot chaqqanda va lat eganda soha shishishi kabi ma`ulm vaqtdan keyin o`tib ketishi mumkin. Ammo baribir sog`ligingizga e`tibor qarating.

Manzura BEKJONOVA tayyorladi.

 

Boshqa yangiliklar