Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda elektr hisoblagichlar almashtirilishi munosabati bilan iste`molchilar tomonidan elektr shitlarining talab darajasida emasligi, elektr simlarining pala-partish uzib ulashlari mavjudligi va elektr simlari avariya holatida ekanligi yuzasidan ko`plab e`tirozlar kuzatilmoqda.
Ushbu holat yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bergan ma`lumotda ko`p qavatli uylarning zinapoya (pod`ezd) maydonchalaridagi 0,4 kV past kuchlanishli elektr tarmoqlari va elektr shitlarining sozligi va xavfsizligi uchun shahar yoki tuman elektr ta`minoti korxonasi emas, “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari” (TSChJ, XUJMSh) mas`ul ekanligi ta`kidlanmoqda. Bu haqida, O`zbekiston Respublikasining 2006 yil 12 apreldagi “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to`g`risida”gi 32-sonli Qonunning 4 bob, 28 moddasida ko`p kvartirali uylarning zinapoyalaridagi muhandislik tarmoqlari va kommunikasiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat ko`rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalar shirkatlarning umumiy mol-mulki hisoblanishi belgilab qo`yilgan.
Sherzod ABDUHAKIMOV, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining etakchi yuriskonsulti:
– Qolaversa, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 22-sonli qarorining 98-bandiga ko`ra, elektr energiyasini hisobga olish asboblari zinapoya (pod`ezd) maydonchalarida o`rnatilgan taqdirda ularning saqlanishi va butligi uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati hamda tasarrufida uy-joy bo`lgan idora, tashkilot javob berishi va zinapoya (pod`ezd) maydonchalarida o`rnatilgan elektr energiyasini hisobga olish asboblariga zarar etkazilganda yoki o`g`irlangan taqdirda, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va idora, tashkilot ularni o`z hisobidan tiklashi shartligi belgilab qo`yilgan. Ushbu bandning 2-xatboshiga ko`ra, ko`p kvartirali uylardagi xonadonlar va xususiy xonadonlar ichida o`rnatilgan hisobga olish asboblarining saqlanishi va butunligi uchun iste`molchi javob berishi ko`rsatib o`tilgan.
Mutaxassisning aytishicha, iste`molchi tomonidan uy-joy mulkdorlari shirkatlariga to`lanayotgan to`lovning ma`lum bir qismi ko`p kvartirali uylarning zinapoya maydonchalari ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikasiyalari, hisoblagichlarni saqlash hamda ta`mirlashga yo`naltiriladi. Shunga muvofiq, ko`p qavatli uylarning zinapoya maydonchalarida o`rnatilgan hisoblagichlar va elektr shitlar javobgarligi ham xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari zimmasida ekan.
Demak sizda ko`p qavatli uylarning ichki elektr tarmoqlarining nosozligi va xavfsizligi bo`yicha e`tiroz hamda shikoyatlar bo`lsa, o`zingiz yashab turgan hududdagi Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatiga murojaat qilishingiz kerak.