AsosiyJamiyat

Yalpi majlis: senatorlar savoliga Markaziy bank raisining javobi to`g`ri talqin qilinishi so`ralmoqda

'Yalpi majlis: senatorlar savoliga Markaziy bank raisining javobi to`g`ri talqin qilinishi so`ralmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Markaziy banki to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni (yangi tahrirda) muhokamasida Markaziy bank Raisining senatorlar tomonidan bergan savollariga javoblarining ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi hamda to`g`ri talqin qilinishi bo`yicha Markaziy bank izoh berdi

Keltirilishicha, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil  11 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida Senatorlarning “Nima uchun mamlakatimizda narx-navoning o`sishi keyingi oylarda Hamdo`stlik mamlakatlari va qo`shni davlatlardagiga nisbatan o`rtacha 2-3 barobar ortiq bo`lmoqda” - degan savoliga Markaziy bank Raisi tomonidan berilgan javob ayrim manbalarda umumiy kontekstdan ajaratilgan holda noto`g`ri talqin qilinmoqda. 

Shu sababdan quyida, Markaziy bank Raisining yuqoridagi savolga to`liq javobi keltirildi: 

“Haqiqatdan ham oxirgi ikki yilda biz ongli ravishda o`sha narsaga (yuqori inflyasiyaga) yo`l qo`ydik, ya`ni inflyasiya darajasi ma`lum bir darajada boshqa davlatlarga nisbatan bizda yuqori bo`ldi. Bu nima bilan izohlanadi? Eng avvalo, boshqa davlatlar 30 yil oldin qilingan bozor tamoyillariga o`tishni, biz haqiqiy hayotda oxirgi 3 yilda amalga oshirdik. Ya`ni, narxlarni erkinlashtirish borasida qilinadigan ishlarimizni oxirgi yillarda amalga oshirmoqdamiz. 

 

Biz shu paytgacha boshqariladigan narxlarni haqiqiy bozor holatidan kelib chiqib emas, aksincha, past darajada ushlab turib, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga zararga bo`lsa ham narxni ushlab turdik, lekin buni bozor ko`tarmaydi. Shuning uchun, bizning birinchi qilayotgan ishlarimiz, boshqariladigan narxlarni erkinlashtirish orqali kelgusi faoliyat uchun zaminni mustahkamlash uchun qilindi. 

Ikkinchi bir sababi, bu ham ob`ektiv sabab, bizda 27 yildan so`ng investisiya chanqoqligi degan tushuncha paydo bo`ldi. Ushbu sharoitni Muxtaram Prezidentimiz yaratib berdilarki, hududlarda investision faollikni oshirish - bu maqsad o`z-o`zidan bo`lmaydi. Albatta, bu qo`shimcha mablag`ni, qo`shimcha resursni iqtisodiyotga chiqarishni taqozo qildi. Bu, o`z navbatida, bank kreditlari, investision kreditlar davlat resurslarini chiqarish orqali amalga oshirildi. 

Bu, o`z-o`zidan iqtisodiyotdagi pul miqdorining ko`payishiga olib keldi va buning inflyasiyaga o`z ta`siri bor, u saqlanib qoldi. Biz hozir bu borada ishlab, inflyasiyani boshqarishni targetlash tizimiga o`tish bo`yicha Prezidentimizning Farmonlari loyihasini tayyorladik, bu borada ishlayapmiz. 

Uchinchi sababi, buni ham aytib o`tishimiz kerak, bu valyuta bozorini erkinlashtirish bo`lib, hamma davlatlar valyutasini erkin ayirboshlashni tashkil qilganda inflyasiya bir necha barobar oshib ketgan. Bizda unga (valyuta siyosatini erkinlashtirishga qariyb 9 oy) tayyorgarlik ko`rish orqali amalga oshirilishi, inflyasiyani unaqa 2-3 barobar oshib ketishiga yo`l qo`ymadi. Agar, e`tibor beradigan bo`lsak, valyuta kursimiz qariyb 2 barobar oshdi, bu o`z-o`zidan narxlarni ham 2 barobar oshishiga asos bo`lishi mumkin edi. Yo`q, olib borilgan iqtisoiy, pul-kredit va soliq-byudjet siyosati narxlarning haddan ziyod oshib ketishining oldini oldi. 

Endi masalaning mohiyatiga nazar solsak, yuqori darajadagi inflyasiya iqtisodiyotga ham, aholiga ham o`zining salbiy ta`siriga ega, shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, biz 2020 yildan boshlab bu boradagi Markaziy bankka bevosita bog`liq bo`lgan hamda inflyasiyani jilovlash uchun Hukumatga bog`liq bo`lgan ishlarni amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqqanmiz. 

Bu chora-tadbirlar dasturiga asosan, mo`ljallangan tadbirlarimiz amalga oshadigan bo`lsa, biz 2021 yildan boshlab bir raqamli inflyasiyaga tushish va 2023 yildan boshlab inflyasiyani targetlash mexanizmi asosida 5-6 foizlik inflyasiyaga erishish mo`ljallagan. O`ylaymanki, shuni Sizlar bilan birgalikda amalga oshiradigan bo`lsak, bizda ham bir raqamlik kichik inflyasiya darajasiga erishish imkoni bo`ladi".

    Boshqa yangiliklar