Oliy Majlis Senati yigirma uchinchi yalpi majlisida Namangan viloyatining Namangan shahri, To`raqo`rg`on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo`rg`on tumanlari, shuningdek, Andijon viloyatining Xonobod shahri va Qo`rg`ontepa tumani chegaralarini o`zgartirish to`g`risidagi masalalar ko`rib chiqildi.
Bu masala birinchi navbatda hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.
Xususan, Namangan shahrining markaziy qismi va asosiy ko`chalari shaharning “Bosh rejasi”ga asosan qayta qurilishi natijasida keyingi yillarda shaharga tutash bo`lgan qo`shni Kosonsoy, Namangan va Yangiqo`rg`on tumanlari hududlaridan jami 1 ming 39 gektar er maydonlariga shahar markazida uy-joylari buzilishga tushgan aholi uchun yangi turar joy mavzelarini barpo etish uchun ajratib berildi. Mazkur hududlardagi aholi va o`zini-o`zi boshqarish organlari ma`muriy boshqaruv tizimi bo`yicha Namangan shahriga bo`ysinuvchi bo`lgani holda, er maydonlari hozirga qadar tumanlar hududiga tegishlidir. Bu esa o`z navbatida kommunal xizmatlar ko`rsatish, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo`llar va kommunikasiyalarni qurilishida bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Shu sababli, Namangan shahri tarkibiga To`raqo`rg`on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo`rg`on tumanlarining jami 3 ming 665 gektar er maydonini Namangan shahri tarkibiga o`tkazish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Andijon viloyatining Xonobod shahriga 1972 yilda asos solingan bo`lib, aholisi 41 ming kishini, umumiy er maydoni 23 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bugungi kunda Xonobod shahri hududi kichikligi sabab ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish ob`ektlarini barpo etishga etarlicha imkon berilmayapti. Shu bois, Qo`rg`ontepa tumanidagi to`rtta – “Sultonobod”, “Xonobod”, “Sh.Rashidov” va “Avazmatov” mavzelarida joylashgan jami 1 ming 284 gektar er maydonini Xonobod shahri tarkibiga o`tkazilishi shahar aholisiga qulay sharoit yaratadi. Bu esa shaharning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshishiga xizmat qiladi.
Ta`kidlanganidek, mazkur chegaralarini o`zgartirish hududlarning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi.
Masala senatorlar tomonidan ma`qullandi.






