AsosiyJamiyat

Bo`z tumani nomi Bo`stonga o`zgartirildi

'Bo`z tumani nomi Bo`stonga o`zgartirildi'ning rasmi

Yalpi majlisda sentorlar tomonidan Andijon viloyatining Bo`z tumani nomini Bo`ston tumani deb o`zgartirish taklifi bo`yicha masalasi ko`rib chiqildi.

Qayd etilganidek, Bo`z tumaniga 1950 yilda asos solingan bo`lib, aholisi 70 ming 300 kishini, umumiy er maydoni 200 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bo`z tumani dastlab tashkil etilganda ushbu hududda aholi istiqomat qilmagan, botqoqlik va qamishzorlardan iborat hudud hisoblangan. Mazkur erlar qisqa muddat ichida o`zlashtirilib, keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Aholining turmush sharoiti yaxshilanib, dam olish maskanlari yaratildi.

Bugungi kunda tumanda 84 ta sanoat korxonasi, jumladan, paxta tozalash zavodi, 541 ta kichik biznes sub`ekti, 321 ta mas`uliyati cheklangan jamiyat, 4 ta qo`shma korxona hamda 19 ta oilaviy korxona mavjud. Sanoat va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar soni 13 tani tashkil qiladi.

Shu munosabat bilan, Bo`z tumani nomini hududning hozirgi kun qiyofasiga mos ravishda Bo`ston tumani, ya`ni obod va gullab yashnagan hudud nomiga o`zgartirish taklif etilmoqda.

Mazkur o`zgarish Andijon viloyatining Bo`z tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda, xususan istiqbolli rejalarni belgilash, fuqarolarning uy-joyga bo`lgan ehtiyojini qondirish, infratuzilmalarni yaratish, eng asosiysi aholining turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyatga ega bo`ladi.

Masala senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar