Tinchlik bo`yicha Nobel mukofoti Efiopiya bosh vaziriga beriladigan bo`ldi. Bu haqda Euronews.com nashri xabar berdi.
Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali 2019 yilgi Tinchlik yo`nalishi bo`yicha Nobel mukofotini qo`lga kiritadigan bo`ldi. U Eritreya bilan chegaradagi mojaroni tinchitishda ko`rsatgan jonbozligi uchun ushbu mukofot bilan taqdirlanadigan bo`ldi. Ikki davlat o`rtasidagi mojaro 1998 yili bahsli chegara hududlari sababli yuzaga kelgan edi. Gaaga xalqaro komissiyasi Eritreyani agressor, deb atab xalqaro normalarni buzayotganlikda ayblagan.
Davlatlar o`rtasidagi faol urush harakatlari 2000 yili nihoyasiga etgan, biroq o`tgan yilning yoziga qadar tinchlik shartnomasini tuzishga erishilmagandi. Faqat 2018 yili Abiy Ahmad va Eritreya prezidenti Isayyas Afeverki tinchlik va do`stlik to`g`risidagi deklarasiyani imzolashgan edi.
Eslatib o`tamiz, Tinchlik uchun Nobel mukofoti shu vaqtga qadar 99 marotaba berilgan.






