AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi qanday bo`ladi?

'O`zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi qanday bo`ladi?'ning rasmi

Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida O`zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini tasdiqlash to`g`risidagi masala kun tartibidagi navbatdagi masala bo`ldi. 

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga sudyaning maxsus kiyimi tavsifi va namunalarini ishlab chiqish topshirilgan. 

Mamlakatda sud hokimiyatining nufuzini oshirish va sudyalarning mustaqilligini yanada mustahkamlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy Kengashi, Konstitusiyaviy sud va Oliy sud bilan birgalikda sudyalarning maxsus kiyimi namunalari ishlab chiqilgan.

Sudyalarning maxsus kiyimda faoliyat yuritishi mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish borasida umume`tirof etilgan tamoyillardan kelib chiqqan holda sudyalarning maxsus kiyimi tasnifi va namunalari nafaqat milliy qadriyatlarimiz, balki xorijiy davlatlar, ya`niAmerika Qo`shma Shtatlari, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog`iston va boshqa mamlakatlarning tajribasi o`rganib chiqilgan.

Majlisda Senat tomonidan manfaatdor idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan sudyalarning maxsus kiyimi ko`rinishining tavsifi bo`yicha ma`lumot berildi. 

Xususan, respublika sudlari sudyalari uchun maxsus kiyim rangi to`q-ko`k bo`lsa, Konstitusiyaviy sud sudyalari uchun to`q-olcha rangda va tarkibi

70 foiz jundan iborat bo`lishi belgilanmoqda.

Qayd etish joizki, sudyalik maxsus kiyimi to`plami: maxsus kiyim, manishka va ipak bo`yinbog`-plastron sudyalarning individual tana o`lchamlari bo`yicha, faqatgina sudyalik guvohnomasi asosida buyurtmaga qabul qilinishi, sudyalik maxsus kiyimining to`plami uchun ishlatiladigan mato qishki va yozgi holati bo`yicha o`zgarishi mumkinligi, shuningdek, sudyalik maxsus kiyimining foydalanish muddati – 2 yil etib belgilanmoqda.

Sudyalarning maxsus kiyimi tavsifi va namunasining tasdiqlanishi nafaqat “Sudlar to`g`risida”gi va O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi to`g`risida”gi qonunlari talabini amalda ijro etilishi, balki, odil sudlovni amalga oshirish borasida umume`tirof etilgan xalqaro tamoyillarning milliy qonunchilikka joriy etilishi hamda sud hokimiyatining nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda respublikamizda mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 500 million so`m qo`shimcha xarajatlar talab qilinishi tegishli idoralar bilan kelishilgan.

    Boshqa yangiliklar