Farg`ona — Dang`ara tumani hokimi Saidmurod Aminjonov har dushanba yig`ilish o`tkazib, gapni ta`lim xodimlarini kamsitish va haqorat qilishdan boshlaydi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligiga qarashli «Ma`rifat» gazetasining onlayn nashri vazirlikka asoslanib xabar bergan.
Ma`lum bo`lishicha, vazirlik vakillari tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri Alimardon Sodiqov bilan suhbat qilgan. Suhbatda yig`ilishlarda hokim muntazam ravishda uni kamsitib, haqoratlagani, «mudirlik senga qolgani yo`q» deb so`kib haydagani aytilgan.
Shu sababli u 24 sentyabr kuni viloyat xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i M.Turdimatov huzuriga borib, egallab turgan lavozimidan o`z xohishiga ko`ra ozod etishni so`ragan. O`sha kundan boshlab A.Sodiqov ishga chiqmagan.
O`sha kunlari Farg`ona viloyati hokimi yig`ilishiga ketayotganda maktab direktor o`rinbosarlari avariyaga uchrab, halok bo`lishgandi. Ichki ishlar vazirligi keyinchalik ularning yig`ilishga emas, o`z yumushi bilan yo`lga chiqqanini iddao qilgandi.
Xodimlari YTHga uchraganini eshitib, XTB mudiri zudlik bilan voqea joyiga etib borgan. U maktab direktorlari dafn marosimlarida qatnashgan va xodimlarning Farg`ona shahriga borishlari yuzasidan topshiriq bergan tuman hokimligi mutasaddilari voqea joyiga kelishmaganini ma`lum qilgan.
Yaqindagina Mirishkor (Qashqadaryo) hokimi bir fuqaroni rosa haqorat qilgandi. Keyinchalik u hammadan uzr so`ragan bo`lsa-da, prokuratura ushbu holatni tekshirayotgani aytilgandi.






