Ayni kunlarda Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan ichki ishlar organlarining Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, yo`l harakati xavfsizligi, xavfsiz turizmni ta`minlash bo`linmalari xodimlarining malakalarini oshirishga qaratilgan o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda.
Shuningdek, o`quv yig`inlari doirasidaInstitut professor-o`qituvchilari tomonidan keksa avlod vakillari va yakka yolg`iz qariyalarning xolidan xabar olinib, ularning shart-sharoitlari bilan tanishishga, ijtimoiy muammolarini eshitish va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda ularning echimini topishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar Tezguzar ko`chasida yashovchi, 1936 yilda tug`ilgan Nomoz Norqulov bilan o`tkazilgan muloqot jarayonida uning turmush o`rtog`i vafot etganligi, farzand ko`rmaganligi sababli, 1 nafar o`g`il farzand asrab olganligi, “qandli diabed” kasalligiga chalinganliginini ma`lum bo`ldi. Shuningdek, poytaxtdan xonadoniga kelib, uning holidan xabar olishganliklari uchun Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga o`z minnatdorchiligini bildirdi.
Xorazm viloyati Bog`ot tumani “Yangi qadam” mahallasida istiqomat qiluvchi, 1950 yilda tug`ilgan To`xtasin Xo`janiyozovning xonadoniga tashrif mobaynida u umumta`lim maktabida 35 yildan ziyod o`qituvchi bo`lib ishlaganligini, 2017 yilda shol kasalligiga chalinib, hozirgi kunda chap qo`l va oyoqlari ishlamay qolganligini ma`lum qildi. Shuningdek, qo`ni-qo`shnilar, mahalla faollari hamda profilaktika inspektori doimo xabar olib turishlarini bildirdi.
Bundan tashqari, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Xususan, Shahrisabz shahridagi 16-sonli umumta`lim maktabida “Tinchlik va osoyishtalikni ta`minlashda yoshlar mas`uliyati” mavzusida davra suhbati hamda o`quvchilar o`rtasida “Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusida viktorina o`tkazildi.
– Avvalo, tadbir tashkilotchilariga o`z minnatdorligimizni bildiramiz.Tadbir o`quvchilarimizda katta taassurot qoldirdi, buni ularning ko`zlaridagi quvonchdan ham bilsak bo`ladi, – deydi Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi 16-sonli umumta`lim maktabi direktori Shaxlo Raxmonova. – IIV Malaka oshirish professor-o`qituvchilari mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, bu borada ular o`zlari yashayotgan mahallada, o`zlari ta`lim olayotgan maktablarda qanday ishlarni amalga oshirish kerakligini misollar bilan tushuntirib berishdi, o`tkazilgan viktorina esa ularning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qildi.
Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, akademik liseylar va umumta`lim maktablarida targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironlar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.
O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati






