2019 yil 12 oktyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi ishi davom ettirildi.
Majlisda hukumat a`zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboeva olib bordi.
Senatorlar Namangan viloyatining Namangan shahri, To`raqo`rg`on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo`rg`on tumanlari, Andijon viloyatining Xonobod shahri va Qo`rg`ontepa tumani chegaralarini o`zgartirish, shuningdek, Andijon viloyati Bo`z tumanining nomini o`zgartirish to`g`risidagi masalalarni ko`rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, taklif etilayotgan o`zgartishlar natijasida Namangan va Andijon viloyatlarining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, aholi uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish imkoniyati paydo bo`ladi.
Bu o`zgartirishlar mazkur hududlar uchun dolzarb bo`lgan vazifalarni hal etishda, shu jumladan, hududlarning o`ziga xos jihatlaridan kelib chiqib tuziladigan tasdiqlangan mahalliy dasturlarni to`liq amalga oshirishda muhim omil bo`lishi ta`kidlandi. Muhokama yakunlari bo`yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Shundan so`ng senatorlar O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisining hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mamlakatda daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to`g`risidagi axborotini eshitdilar.
Mamlakatimizning “yashil libosi”, ayniqsa daraxtzor va butazorlar ekotizim muvozanatini, havo tozaligini, demakki, aholi salomatligini ta`minlashda muhim o`rin tutishi ta`kidlandi. Aynan shu nuqtai nazardan ularni avaylab-asrash va ko`paytirish zarur. Biroq keyingi paytda har erda daraxtlarning nazoratsiz kesib tashlanishi tufayli yashil o`simliklar fondi, ayniqsa asrlar osha saqlanib kelayotgan daraxtlar soni keskin kamaymoqda, bu esa haqli ravishda jamoatchilikning e`tirozlarini keltirib chiqarmoqda. Xususan, Oliy Majlis Senatiga ushbu masala yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda. Bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamaga sabab bo`ldi. Shuni inobatga olgan holda, bu masala yalpi majlis kun tartibiga kiritildi.
Senatning Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya qo`mitasi tomonidan o`rmon fondiga kirmaydigan erlardagi daraxt va butalar kesilishi bilan bog`liq holat o`rganilganda bu borada muammolar borligi aniqlandi. Jumladan, 2017 yilga nisbatan daraxtlar kesib tashlanishi 56 foizga ko`paydi. Ayni vaqtda daraxtlarni kesish bilan bog`liq 3 mingdan ortiq huquqbuzarlik aniqlandi va bu ko`rsatkich o`tgan yilning mazkur davriga nisbatan 66 foizga oshdi.
Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish bo`yicha ta`sirchan chora-tadbirlar ko`rish, davlat organlari yoki tadbirkorlar ehtiyojlari uchun er ajratishda mavjud daraxtlarni boshqa erga ko`chirib ekish yoki daraxtzor bo`lmagan hududlarga yangi daraxtlar ekish amaliyotini joriy etish zarurligi ta`kidlandi.
O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi va O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga daraxtlarni ro`yxatga olish bo`yicha metodik qo`llanma ishlab chiqish, shuningdek, aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini kuchaytirishga e`tibor qaratish topshirildi. Yalpi majlisda Oliy Majlis Senatining tegishli qarorida o`z aksini topgan boshqa aniq ta`sirchan chora-tadbirlar ham bildirildi.
So`ngra parlamentning yuqori palatasi a`zolari Namangan viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti to`g`risidagi masalani ko`rib chiqdilar.
Qayd etilishicha, joriy yil yanvar-avgust oylari yakunlari bo`yicha viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognoz ko`rsatkichlari ortig`i bilan bajarilgan. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 trillion 137 milliard so`mni (109,5 foiz) tashkil etdi, 3 trillion 541 milliard so`mlik xalq iste`mol mollari ishlab chiqarildi.
Davlat rahbarining 2017-2019 yillardagi tashriflari chog`ida viloyatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha aniq vazifalar belgilab olinganligi ta`kidlandi. Jumladan, bu davrda 14,7 trillion so`mlik mablag`lar o`zlashtirilishi hisobiga 1252 ta loyiha amalga oshirildi, 26275 ta yangi ish o`rni tashkil etildi. Tadbirkorlikning barcha shakllarini qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda 4622 ta tadbirkorlik sub`ekti tashkil etildi, bu esa o`tgan yilga nisbatan o`sish ikki baravarni tashkil etganini anglatadi. Viloyatga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar jalb qilishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Hozirgi vaqtga qadar 235,0 million dollarlik xorijiy investisiyalar o`zlashtirildi. Bu ko`rsatkich 2018 yilga nisbatan 3,1 baravarga o`sdi.
So`nggi uch yilda viloyat xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida va doimiy komissiyalar majlislarida ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi 812 mansabdor shaxsning hisobotlari eshitildi, bu esa, o`z navbatida, islohotlar samaradorligini ta`minlashga ko`maklashdi.
Shu bilan birga, Namangan viloyatida hududlarni rivojlantirishga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishi samaradorligini oshirishga salbiy ta`sir ko`rsatadigan ko`plab muammo va kamchiliklar mavjud. Shu munosabat bilan mahalliy hokimiyat vakillik organlari faolligini oshirish, ularning faoliyatiga yangi usullar va yondashuvlarni joriy etish zarurligi ta`kidlandi.
Hal etilishi lozim bo`lgan muammolar orasida respublika va mahalliy ahamiyatga ega yo`llarni ta`mirlash, davlat ahamiyatiga molik Farg`ona halqa yo`lini modernizasiyalash va kengaytirish zarurligi qayd etildi. Ushbu yo`ldan 2018 yilda 25-30 ming avtotransport vositasi, bugungi kungacha esa 30-35 ming avtotransport vositasi foydalandi, ammo amaldagi normalarga muvofiq mazkur yo`l bor-yo`g`i 10-15 ming avtotransport vositasini o`tkazish imkoniyatiga ega.
Joriy yilning o`tgan davrida bu yo`lda ayanchli oqibatlarga olib kelgan ko`plab yo`l-transport hodisalari qayd etilgani, ularning ko`pchiligi qarama-qarshi tomonga chiqib ketish bilan bog`liqligi ta`kidlandi. Xavfsizlikni ta`minlash va haydovchilarga qulaylik yaratib berish uchun yo`nalishning qatnov qismlarini qayta qurish va ikkitadan to`rttaga kengaytirish hamda himoya yo`l to`siqlari o`rnatish zarurligi haqida so`z bordi. Bu vazifani moliyalashtirish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqish muhimligiga urg`u berildi.
Viloyatda aholining suv ta`minoti bilan bog`liq jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, aholining 37,8 foizi toza ichimlik suvi bilan ta`minlanmagan. Mavjud 508 suv olish inshooti quvvatining atigi 46 foizidan foydalanilmoqda, suv quduqlarining 13 foizi ta`mirtalab, 8 foizi yaroqsiz holga kelgan. Mahalliy hokimliklarning meliorativ ishlar samaradorligini oshirish bilan bog`liq tashabbuslari mas`ul vazirliklar va idoralar tomonidan batafsil o`rganilmayapti.
Muhokama chog`ida senatorlar tomonidan hududni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishini takomillashtirish bo`yicha aniq takliflar bildirildi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, senatorlar ota-onalar qarovisiz qolgan va Mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovi yuborish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqdilar.
Senatning tegishli qo`mitalari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti bilan birgalikda o`tkazilgan o`rganish va tahlil Mehribonlik uyida tarbiyalangan bolalarni jamiyatga ijtimoiy moslashtirishda qator muammolar borligini ko`rsatdi. Shu munosabat bilan bunday so`rov yuborish zarurati yuzaga keldi. Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin senatorlar tabiiy gaz quvurlari tizimi holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovi yuborish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, aholi bilan muloqot, gaz quvurlari tizimi holatini tekshirish, tegishli qonun hujjatlari va huquqni qo`llash amaliyoti ijrosini tahlil qilish vaqtida qator tizimli muammo va kamchiliklar aniqlandi. Shu munosabat bilan parlament so`rovi yuborish zarurati yuzaga keldi. Bu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Senati a`zolari O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik liseylarida qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalarini muhokama qildilar.
Oliy Majlis Senatining joriy yil 21 iyundagi tegishli qarori bilan bu parlament so`rovi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborildi. So`rovga 2019 yil 20 avgustda berilgan batafsil javobda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha amaliy choralar ko`rilganligi qayd etilmoqda. Jumladan, tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda akademik liseylarda ilg`or pedagogika texnologiyalari asosida o`qitishni tashkil etish, bitiruvchilar bandligini ta`minlash, mazkur ta`lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo`yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlandi. Ushbu hujjatda belgilangan maqsadli vazifalarda O`zbekiston Respublikasining bitta Qonuniga, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bir nechta qarorlari hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o`zgartishlar kiritish nazarda tutilgan. Muhokama yakunlari bo`yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So`ngra senatorlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta`minlash masalalari yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalarini muhokama qildilar.
Oliy Majlis Senatining joriy yil 4 maydagi tegishli qarori bilan ushbu parlament so`rovi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborildi.
2019 yil 3 avgustda berilgan batafsil javobda mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha amaliy chora-tadbirlar ko`rilgani qayd etilgan. Xususan, parlament so`rovida bayon etilgan talablarni bajarish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar rejasi, shu jumladan, aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilishining, yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo`lishi hamda tarqalishining oldini olish tadbirlari tasdiqlandi. Ularning o`z vaqtida ijro etilishi nazoratga olindi. Muhokama yakunlari bo`yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so`ng senatorlar O`zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini ko`rib chiqdilar hamda tasdiqladilar.
Oliy Majlis Senati a`zolari O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o`zgartirishlar kiritish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqdilar, uning yakunlari bo`yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi chog`ida 31 ta masala, shu jumladan, 19 ta qonun, Vazirlar Mahkamasiga oid 4 ta parlament so`rovi ko`rib chiqildi.
Yigirma uchinchi yalpi majlis faoliyati birinchi marta onlayn rejimda Oliy Majlis Senatining rasmiy sayti orqali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida translyasiya qilindi. Yalpi majlisni yoritish uchun Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati tomonidan mamlakatimiz va xorij ommaviy axborot vositalarining 130 dan ortiq vakili akkreditasiya qilindi.
Senatorlar tomonidan ma`qullangan O`zbekiston Respublikasi qonunlari demokratik islohotlar va yangilanishlarni izchil amalga oshirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgani ta`kidlandi. Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan parlament, deputatlar va jamoatchilik nazorati yanada kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuning bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi o`z ishini yakunladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.






