Farg`onalik paxtakorlar mamlakatimizda birinchi bo`lib, joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejani bajardi.
O`zAning yozishicha, Fermer xo`jaliklari tomonidan mo`l hosil etishtirilib, 238 ming 600 tonnadan ortiq paxta xirmoni bunyod etildi, uning aksariyat qismi yuqori navlarga sotildi.
Darhaqiqat, g`o`zaning hudud sharoitiga mos navlarini to`g`ri tanlab joylashtirish, obi-tobida ekish mo`l hosilga qo`yiladigan talablardan biridir. Joriy yilda 2 ming 149 ta fermer xo`jaliklari 82 ming 80 gektar maydonga chigit ekdi. G`o`zani navlar bo`yicha joylashtirishda avvalo hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, suv ta`minoti hamda sohaning etakchi olim va mutaxassislari, fermer xo`jaliklari rahbarlari, shuningdek, klaster korxonalari takliflari inobatga olindi.
G`o`zaning «S-8290», «Namangan-77», «Sulton», «S-6524» navlari ekilib, agrotexnik tadbirlarga muhim e`tibor qaratildi. Dunyo paxtachiligida tola sifati va hosildorligi yuqori, ertapishar, kasallik va zararkunanda hasharotlarga chidamli, tabiatning turli noqulayliklariga bardoshli g`o`za navlarini yaratish eng muhim vazifalardan sanaladi. E`tiborli jihati, bu yil viloyatda 6 ming 980 gektar maydonda yangi navlar sinovdan o`tkazildi.