Islom Karimovning kichik qizi otasi haqida kichik sirni ochdi

Jamiyat 12.10.2019, 18:40
Islom Karimovning kichik qizi otasi haqida kichik sirni ochdi

Birinchi prezident Islom Karimovning kichik qizi Lola Karimova (Tillaeva) o`zining feysbukdagi sahifasida otasi haqidagi quyidagi xotiralarini yozib qoldirdi:

“Karimov Fondining arxivi bilan ishlar ekanman, o`tmishdagi voqealar men uchun mutlaqo o`zgacha tus oladi. Endilikda men barchasiga davlat ishlari bilan uzluksiz band bo`lgan, butun bir mamlakat va uning har bir tarkibiy qismining hayoti bilan yashagan insonning farzandi sifatidagina emas, balki ushbu mamlakat fuqarosi nuqtai nazaridan ham qarayapman. Otamning yosh, kuchga to`la bo`lgan davrlarini, u o`zi ham yonib-kuyib, butun xalqni ham o`z so`zlari bilan to`lqinlantirgan videolavhalarni ko`zdan kechirar ekanman, beixtiyor hayolimga bu onlar behuda yashab o`tilganmikan, degan savol keladi.
Men bu videolavhalarni ham mehr, ham qayg`u xissi bilan ko`raman. Otam naqadar idealist inson bo`lganlari, davlat arbobining oliy maqsadlari, prinsiplar va oliyjanoblik kabi tushunchalarga astoydil ishonganlari, yonlaridagi insonlarga ishonch bildirganlari va istiqlol yillari o`zlari tarbiyalagan yosh avlod mustaqil fikr yurituvchi shaxslar bo`lib etishishiga umid qilganlarini o`ylayman.
Ular buni menga ham o`rgatar edilar, ko`pincha o`z misollarida. Bir necha bor fikrlari ommaviy yoki nufuzli manbalar fikriga qarama-qarshi bo`lganda ham, bu ularni umuman qo`rqitmagan. Aksincha, ular o`z aytgan so`zlariga astoydil ishonar va ishonchlari komil bo`lgan ishni qilar edilar.
O`z xalqlarini juda yaxshi ko`rganlar. Lukasheko ularning vafotlaridan so`ng aytganidek, “u o`z o`zbeklarini juda yaxshi ko`rar edi”. Bu so`zlar zamirida butun bir haqiqat mujassam va ularning kuchlari ham aynan shunda edi.
Men o`tmishdagi voqealarga xolis nazar bilan qarashga harakat qilaman - o`tmishni oq-qora rangga bo`yab, hukm chiqarish uchun men kim bo`libman. Bu dunyoda voqealar faqatgina o`ziga ma`lum bir reja asosida rivoj topadi, vaqt esa ularning guvoh va ishtirokchilarini almashtirib o`taveradi. Biz taqdirimizni tanlamaymiz; men hozir tarixiy deb atash mumkin bo`lgan turli xil muhim voqealarni ko`rganman va boshdan kechirganman - qayta qurish davridan boshlab, Sovet Ittofoqi parchalanishi, yangi davlatning barpo etilishi va hattoki O`zbekiston bayrog`ining yaratilish jarayoni. Sizga kichik sirni ochaman, bayroq loyihasi otam tomonidan mening akvarel bo`yoqlarim bilan chizilgan edi. Ammo, bu albatta, butunlay boshqa voqea va uni ham balki hikoya qilib berarman.
Fikrimcha, shaxsiy hikoyalarning o`rni muhimroqdir, chunki ular insonning chinakam fazilatlarini aks etadi. Ularning ko`pi bolalik davridan.
Kuni kecha eslagan va xotiramga chuqur o`rnashgan ushbu voqeaga 30 yil bo`libdi, lekin hammasi xuddi kechagidek…
Otam respublika rahbari etib tayinlanganlaridan so`ng biz keng bo`lsa ham kvartiramizdan Do`rmon qarargohida joylashgan katta uyga ko`chib o`tdik. Hali ham yodimda, ko`chib o`tgan kunimizning ertasiga tong sahardan meni derazadan kelayotgan supurgi ovozi uyg`otib yubordi.
Yosh bolamasmanmi, atrofdagi barcha narsalar, uy, bog`ni ko`rishni, yangi insonlar bilan tanishishni istar edim.
Shosha-pisha stoldan bir narsani oldim-u, eshik tomon otildim. To`satdan meni otamning jiddiy ovozi to`xtatdi. “Sen bilan gaplashmoqchiman,” –dedilar, sokin, ammo jiddiy ovozda. Ohanglaridan suhbat muhim narsa haqida bo`lishini angladim.
Otam derazaning pardalarini ochib, uzun supurgi bilan uyimiz zinalarini tozalayotgan insondan ko`zlarini uzmasdan: “Shu insonni ko`ryapcanmi? Odamlar bilan o`zingni hamisha shunday tutginki, bir kun kelib, men katta mansabda bo`lmagan paytlarda ham, har bir insonning ko`ziga tikka qara olishingni, xulq-atvoring uchun hech qachon uyalib qolmasligingni istayman,” – dedilar.
Siz bergan darsni men o`zlashtirdim, otajon, va buni farzandlarimga ham o`rgatyampan.
… va qilgan mehnatlaringiz behuda bo`lmaganiga men ishonaman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1