O`zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron o`zining Facebook’dagi sahifasida rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olingan «Qo`qon shamoli» tarixiy filmi haqida post qoldirgan edi.
Eslatib o`tamiz, ushbu post orqali Xurshid Davron «Amir Umarxon qizil bosh, shia bo`lganmi, shia emas, sunniy bo`lsa nega uning sallasi qizil?» mazmunidagi savollarni o`rtaga tashlab, film ijodkorlarini «chala mulla»likda ayblagan.
«Qo`qon shamoli» tarixiy filmining rejissyori Dilmurod Masaidov jurnalist Feruz Muhammadga bergan intervyusida ushbu e`tirozlarga quyidagicha munosabat bildirdi.
Dilmurod Masaidov, «Qo`qon shamoli» tarixiy-detektiv filmi rejissyori
“Bir rang bilan odamning iymoni o`zgarib qolmaydi. Ustoz Xurshid Davron avval filmni ko`rsinlar, agar shunda ham fikrlarini o`zgartirmasalar, unda mayli. Rangdan tashqari shakl-shamoyil degan gap bor, shialarning bosh kiyimi qanday kiyiladi degan savollar bor. Avvalo mana shu savollarni ham odam o`zi uchun bo`lsa-da echib olishi kerak.
“Qo`qon shamoli» filmidagi sallani o`ralishiga e`tibor qilgan bo`lsangiz, bu umuman shialarnikiga mos emas, to`g`ri ham kelmaydi. Xurshid Davron «qizil bosh» degan gapni ishlatibdilar, u ham noto`g`ri deb o`ylayman. Chunki «qizil bosh» deb aytiladigan narsa umuman boshqa narsa. Ya`ni bu yaxshigina taqriztalab mavzu.
Agar kimda shu gaplardan keyin ham savol tug`ilib qolsa, internetga kirib «Eron sultonlarining sallasi» deb qidirsalar, shia xonlari bosh kiyimini qanday o`rashi ko`rsatib qo`yilgan. So`z so`ngida shuni ayta olamanki, men ham o`z fikrimda qolaman. ‘Qo`qon shamoli’ filmida umuman mazhablar to`qnashuvi, yana ham to`g`riroq aytsam, shialik umuman yo`q.”
Dilmurod Masaidovning bu munosabatiga Xurshid Davron batafsil maqola yozishini bildirib post qoldirdi.






