Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekistondagi Mehribonlik uylariga yordam berib, ularni qo`llab-quvvatlaymiz, deb o`zini tanishtirgan “Protyani Ruku“ tashkiloti tomonidan Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchilar maktab-internatida joriy yilning 19 oktyabr kuni xayriya aksiyasi tashkil etilishi haqidagi xabar tarqaldi. Ushbu aksiya doirasida internat tarbiyalanuvchilariga issiq ovqat va shirinliklar tortilishi, shuningdek, turli tanlov, mahorat darslari hamda TEAM 7.22 jamoasi tomonidan qiziqarli shou o`tkazilishi, buning uchun esa turli mahsulotlar kerak bo`lishi ma`lum qilingan. Xabarda ijtimoiy tarmoq a`zolaridan oziq-ovqat mahsulotlari ham so`ralgan.
Ushbu holat yuzasidan Xalq ta`limi vaziriligi rasmiy ma`lumot berdi.
"Olmazor tuman xalq ta`limi bo`limining Ishchi guruhi ushbu holat bo`yicha tezkor o`rganish o`tkazganda, joriy yilning 19 oktyabr kuni 102-sonli maktab-internatida hech qanday xayriya aksiyasi rejalashtirilmaganligi, bu ma`lumotlardan muassasa rahbariyatining xabari yo`qligi aniqlandi.
Mazkur maktab-internatida bugungi kunda 266 nafar o`quvchi ta`lim-tarbiya oladi. Maktab-internat 2015, 2016 yillarda Investisiya dasturi asosida mukammal ta`mirlangan bo`lib, muassasada o`quvchilarning ta`lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Sinf xonalari, yotoqxonalar, oshxona va to`garak xonalari zamon talablari asosida jihozlangan. O`quvchilar internatda besh mahal issiq ovqat bilan ta`minlangan."
Tuman xalq ta`limi bo`limi “Protyani Ruku“ tashkiloti kabi tashkilotlardan tuman tasarrufidagi ta`lim muassasalarida o`tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar bo`yicha xalq ta`limi bo`limini ogohlantirishi hamda bu kabi soxta ma`lumotlarni tarqatmaslikni so`ramoqda.






