Andijon viloyatining Xonobod shahri aholisi 41 ming kishini, umumiy er maydoni 23 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bugungi kunda Xonobod shahri hududi kichikligi sababli, ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish ob`ektlarini barpo etishga etarlicha imkon berilmayapti. Shu bois, Qo`rg`ontepa tumanidagi to`rtta – “Sultonobod”, Xonobod”, “Sh.Rashidov” va “Avazmatov” mavzelarida joylashgan jami 1.284 gektar er maydonini Xonobod shahri tarkibiga o`tkazildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasining rasmiy telegram kanalida ma`lum qilindi.
Jumladan, Xonobod shahriga o`tkazilayotgan er maydonlarining 492 gektarida dam olish maskanlari, mehmonxonalar va kempinglar, 21 gektarida sport inshootlari, 145 gektarida ishlab chiqarish korxonalari hamda 284 gektarida boshqa zarur muhandislik ob`ektlari, shuningdek 267 gektarida bog`lar va zamonaviy issiqxonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Andijon viloyati hokimi, senator Shuhrat Abdurahmonov:
– Andijon viloyatining Xonobod shahri dastlab tashkil etilganda aholi soni dastlab 21,5 ming nafar bo`lgan bo`lsa, yildan-yilga ortib, bugungi kunda 41 ming nafarni tashkil etmoqda. - Xonobod shahrida barcha kommunikasiya tarmoqlarining mavjudligi, ishlab chiqarish hamda turistik salohiyatga ega ekanligi sababli mahalliy hamda xorijiy investorlar tomonidan mazkur hududga qiziqish ortib, er ajratish bilan bog`liq muammolar yuzaga kelmoqda. Shu sababdan Qo`rg`ontepa tumani hududining 1284,6 ga er maydonini Xonobod shahri tarkibiga o`tkazish g`oyasi ilgari surilmoqda.
Hozirda Qo`rg`ontepa tumanidan Xonobod shahriga o`tkazilayotgan er maydonlaridan samarali foydalanish bo`yicha “O`zshaharsozlik LITI” tomonidan Xonobod shahrining Bosh rejasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Ishlab chiqilgan bosh rejaga asosan 2035 yilga qadar Xonobod shahrida ko`plab maktablar, maktabgacha ta`lim muassasalari, oromgohlar, mehmonxonalar, kempinglar, sport ob`ektlari, kasalxonalar, poliklinikalar, istirohat bog`lari, turistik bazalar, dam olish maskanlari, plyajlar, pansionatlar, 20dan ortiq madaniy va maishiy, savdo va xizmat ko`rsatish hamda ishlab chiqarish ob`ekti tashkil etilishi ko`zda tutilgan.






