Kecha yakuniga etgan Senatning 23-chi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Markaziy banki to`g`risida”gi qonunning yangi tahriri tasdiqlandi. Bu haqida Kun.uz xabar qilmoqda.
Yangi qonunda Markaziy bank xodimlari uchun bir qator cheklov choralari kiritilgan. Ularga ko`ra, Markaziy bank xodimlari uchun quyidagilar cheklangan:
- haq to`lanadigan biror-bir boshqa turdagi faoliyat bilan shug`ullanish, bundan ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish mustasno;
- banklar, xo`jalik boshqaruvi organlari va xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning kuzatuv kengashlari tarkibiga kirish;
- o`z xizmat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan o`ziga ma`lum bo`lib qolgan bank sirini tashkil etuvchi axborotni yoxud qonun hujjatlariga muvofiq foydalanilishi cheklangan boshqa axborotni uchinchi shaxslar manfaatlarini ko`zlab oshkor etish yoki undan foydalanish.
Xabarda aytilishiga ko`ra, yuqoridagi cheklovlar manfaatlar to`qnashuvi va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan va ular Belarus tajribasidan kelib chiqqan holda kiritilgan.
Ikkinchidan, bundan buyon Markaziy bank xodimlari tadbirkorlik sub`ektlari, kredit tashkilotlari, to`lov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari va kredit byurolari va boshqa bir qator tashkilotlar va shaxslarning moliya-xo`jalik faoliyatini tekshirishga jalb etilmaydi.
Undan tashqari, Markaziy bank boshqaruvi tarkibi 11 kishidan 9 kishiga kamaytiriladi va ulardan 2 nafari mustaqil a`zo bo`ladi. Ya`ni MB boshqaruvi tarkibiga MB raisi, uning birinchi o`rinbosari va o`rinbosarlari, shuningdek boshqaruvning ikki nafar mustaqil a`zosi kiradi.
Mustaqil a`zolar MB raisining taqdimnomasiga ko`ra Oliy Majlis Senatining Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.Senatda ma`qullangan qonun prezident imzolab, rasman e`lon qilinganidan so`ng kuchga kiradi.






