Joriy yilning 9-12 oktyabr kunlari tashkil etilgan «Zolotaya osen – 2019» - 21-Rossiya agrosanoat ko`rgazmasida O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo`jaligi ekinlari navlarini sinash markazi vakillaridan iborat delegasiya ham ishtirok etdi.

Ko`rgazma doirasida Rossiya Federasiyasining Seleksiya yutuqlarini sinash va himoya qilish bo`yicha davlat komissiyasi Federal davlat byudjet muassasasi - «Gossortkomissiya»ning “Zamonaviy sharoitda ekinlar navlarini davlat sinovini takomillashtirish” mavzuidagi Muvofiqlashtirish kengashining yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Qishloq xo`jaligi ekinlari navlarini sinash markazi rahbari o`rinbosari M.Murtalibov O`zbekiston qishloq xo`jaligi ekinlari, mevali va manzarali ko`chatlarning navlari va duragaylari sinovini jahon andozalari darajasiga ko`tarish, qishloq xo`jaligi ekinlari sinovi sohasida ko`rsatilayotgan xizmatlarni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma`lumot berdi.

Rossiya Federativ Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirining birinchi o`rinbosari D. Xatuov, O`simliklarni etishtirish, mexanizasiyalash, kimyoviylashtirish va himoya qilish departamenti direktori R. Nekrasov ishtirok etgan yig`ilishda qishloq xo`jaligi ekinlari navlari sinovining resurstejamkor va innovasion texnologiyalar asosida o`tkazilishini bosqichma-bosqich joriy etishga qaratilgan hamkorlikka oid masalalar muhokama etildi.

Tadbir davomida Qishloq xo`jaligi ekinlari navlarini sinash markazi va Rossiya Federasiyasining Seleksiya yutuqlarini sinash va himoya qilish bo`yicha davlat komissiyasi Federal davlat byudjet muassasasi-«Gossortkomissiya» o`rtasida hamkorlikka oid shartnoma imzolandi.


Manba: Qishloq xo`jaligi vazirligi Matbuot xizmati






