Yaponiyaga yopirilgan “Xagibis” to`foni qurbonlari soni 14 nafargacha oshdi, yana 16 kishi bedarak yo`qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda “Kiodo” axborot agentligi xabar berdi.
Jabrlanganlar 120 kishidan ko`proqni tashkil qilmoqda.
TBS telekanali esa 22 kishi halok bo`lgani, 150 ga yaqin kishi jarohatlanganini ma`lum qilgan.
“Xagibis” to`foni 12 oktyabrda Yaponiyaning Xonsyu oroliga yopirildi. To`fon markazidagi shamol tezligi 45 m/soniyagacha, poytaxt Tokioda esa 41 m/soniyagacha etgan. Bunday shamol yuk mashinasi, daraxtlar va elektr ta`minoti ustunlarini ag`darish uchun etarli hisoblanadi. Mamlakatning 12 ta prefekturasi, jumladan Tokioda kuchli yomg`irlar sababli xavflilikning eng yuqori darajasi e`lon qilingan.
Kuchli shamollar sababli elektr uzatish liniyalarida ko`plab uzilishlar yuz bergan. Ma`lum qilinishicha, 376 ming uy elektr energiyasiz qolgan.
11 mlnlik aholiga evakuasiya qilinish tavsiya yoki e`lon qilingan.
Shuningdek, to`fon sababli Tokio ko`rfazida Panamaga qarashli kema cho`kib ketgan. Uning bortida 12 kishi bo`lgan, ulardan 3 nafarini qutqarishga muvaffaq bo`lingan. Ekipajning qolgan 9 a`zosi bedarak yo`qolgan.