Huquqshunos va blogger Xushnudbek Xudoyberdiev o`zining navbatdagi postini O`zbekistondagi davlat tashkilotlari xodimlarining haddan ortiq ishlashiga bag`ishladi.
O`zining “Yaxshi dam - mehnatga hamdam” deb nomlangan maqolasini u “Ikki o`tinchi haqidagi hikoyadan boshladi.
“Ikki o`tinchi haqidagi hikoyani eshitganmisiz?
Bir kuni ikki o`tinchi o`rmonga o`tin kesgani boribdi va kim ko`p o`tin chopishga o`zaro musobaqalashishibdi. Birinchi o`tinchi ko`proq o`tin chopish maqsadida tanaffussiz, dam olmasdan ishlabdi. Ikkinchi o`tinchi esa, ma`lum vaqt ishlagach, biroz dam olar, keyin yana ishini davom ettirardi.
Birinchi o`tinchi raqibi tomondan ahyon-ahyonda boltaning taq-tuq ovozi jimib qolayotganini eshitib, quvonchi ichiga sig`masdi. Kun oxirida ikkalasi natijani hisoblashsa, ikkinchi o`tinchining o`tinlari ancha ko`p emish.
Birinchi o`tinchi hayron bo`lib so`rabdi:
- Qanaqasiga sening o`tinlaring ko`p bo`lishi mumkin, axir sen dam olib, men esa tanaffussiz ko`proq ishladim. Mantiqan olganda, mening o`tinlarim ko`p bo`lishi kerak edi-ku!
Shunda ikkinchi o`tinchi javob beribdi:
- Barchasi oddiy, dam olgan paytlarim boltamni charxlab, o`tkirladim, shu sababli natijam samarali bo`ldi. Sen esa tinimsiz ishlaganing uchun boltang o`tmaslashib qoldi, kun oxiriga borib, deyarli o`tin chopolmay qolding.
Ushbu rivoyatdan ko`rish mumkinki, dam olishsiz ishlash har doim ham samara beravermaydi. Aksincha bu xodimlarning tinkayi madorini quritadi, ish sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.
Afsuski O`zbekistonda xodimlar, ayniqsa davlat tashkilotlarining ishchilari mehnat qonunchiligida ko`rsatilgan ish vaqtidan haddan tashqari ortiqcha ishlaydi.
• Har kuni soat kechki 11-12 gacha ishlash odatiy ish rejimiga aylanib qolgan.
• Agar ishdan o`z vaqtida, ya`ni soat 18:00 da ketsang, boshing baloga qoladi, kamida hayfsan olasan yoki ishdan haydalasan.
• Tungacha olib o`tirishganda qonunlarni unutishadiyu, lekin ertalab ishga ozgina kech qolsang, darrov tartib va qoidalar esiga tushib qoladi.
• 5 kunlik ish haftasini deyarli unutishgan, shanba - so`zsiz ish kuni. Shanbani qo`ya turaylik, hatto yakshanba ham ishga chiqiladi.
• Ortiqcha ish uchun mehnat qonunchiligida qo`shimcha haq to`lanishi ko`rsatilgan, ammo bu faqat qog`ozda.
Axir xodimlar robot emas, odamku! Hatto texnika ham uzluksiz ishlatilsa, qizib ketadi va tez buziladi.
Yaqinda Reuters nashrida chiqqan maqolani (https://kun.uz/33884282) o`qigan bo`lsangiz kerak. Maqolada O`zbekistonda davlat xizmatchilari kuniga 15 soatdan va dam olish kunisiz uzoq yillar ishlayotganligi, natijada ularda kuchli charchoq va stress borligi, o`zbek amaldorlari uchrashuvlar paytida uxlab qolishlari haqida yozilgan.
«33 million aholiga ega sobiq sovet respublikasida hukumat ishchilari orasida uzoq vaqt mobaynida shakllangan an`ana bor – ular o`z boshliqlari ketmagunga qadar ofisni tark eta olishmaydi», – deyiladi xabarda.
Farzandlarimizning tarbiyasi yildan yilga yomonlashib bormoqda, ularning o`qishi, ma`naviyati, saviyasi pasayib ketyapti, deya ko`p noliymiz. Buning eng katta sabablaridan biri otalar kun bo`yi ishda, yarim tunda keladi, erta tongda ketadi, hatto dam olish kunlari ham farzandlarining tarbiyasi bilan shug`ullana olmaydi.
Yildan yilga ajrimlar ko`paymoqda, notinch oilalar soni ortmoqda, xiyonatlar oddiy hol bo`lib qoldi, deb xavotir olamiz. Chunki erlar kun bo`yi ishda, turmush o`rtoqlariga tayinli vaqt ajrata olmaydi, oilasini biror joyga olib borolmaydi, dam olish kunlarini oilasi davrasida o`tkaza olmaydi, kerak bo`lsa bozor-o`charni ham xotin kishining gardaniga tashlab qo`yishgan. Sababi er davlat xizmatchisi, uning oilasi uchun bir daqiqa vaqti yo`q. Yarim tunda charchab, sillasi qurib keladi, erta tongda uyqusirab, nonushta ham qilmasdan ketadi.
Bunaqa sharoitda qanaqa tarbiya, qanaqa tinch-totuv oila haqida orzu qilish mumkin?
Haddan tashqari ko`p ishlash kadrlar sifatiga jiddiy putur etkazishini, bundan baribir samara bo`lmasligini, aksincha ish vaqtidan tashqari ortiqcha sarflanayotgan resurslar davlatga faqat zararligini qachon tushunib etamiz-a?
Mehnat huquqlari etarlicha ta`minlanmagan jamiyatning rivojlanishi qiyin. Chunki davlatning asosiy boyligi, rivojlanishning eng muhim poydevori – insonlar! Uyqusiragan va sillasi qurigan askarlar bilan jangda g`alaba qozonishning imkoni yo`q.
Yaxshi kunlardan, ijobiy o`zgarishlardan umidvormiz.” — deya fikrlariga xotima yasagan






