«UzAuto Motors» kompaniyasining Ichki ishlar vazirligiga yo`llagan murojaati yuzasidan Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan “Avto oltimish oy” mas`uliyati cheklangan jamiyatining mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1881-moddasi 1-qismi, ya`ni pul mablag`larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqarolarning mol-mulkini jinoiy tajovuzdan himoyalash va “Avto oltimish oy” mas`uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati shaffofligini o`rganish maqsadida, moliya-xo`jalik faoliyati hujjatli taftishni o`tkazish yo`li bilan tekshiriladi.
Ayni vaqtda, “Avto oltimish oy” mas`uliyati cheklangan jamiyatining bosh ofisi va viloyatlardagi filiallarida mavjud buxgalteriya hujjatlarini aniqlab olish maqsadida, tergov guruhlari tomonidan tintuv tergov harakatlari o`tkazilmoqda.
Shu bilan birga, ta`kidlash joizki, tadbirkorlik sub`ektining nazorat kirim-chiqim operasiyalari nazoratga olinadi, lekin faoliyati to`xtatib qo`yilmaydi.
Taftish yakuniga ko`ra, mazkur jamiyat mansabdor shaxslari va boshqalarning harakatlariga huquqiy baho berilib, jinoyat ishi bo`yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.