O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning bergan ma`lumotiga ko`ra, 2019 yilning 9 oyi mobaynida fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 138 962 ta ish ko`rib chiqildi. Mazkur ko`rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan 19,1 foizga kamaydi.
Hisobot davrida 69 mlrd. so`mdan ziyod majburiy to`lovlar (voyaga etmagan bolalar uchun aliment, ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar, yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomondan tan olingan talablar, kommunal xizmatlar bo`yicha qarzdorlik to`lovlari va boshqalar) ni undirish haqida 60 282 ta sud buyrug`i chiqarildi. Ushbu ko`rsatkichlar o`tgan yilning shu davriga nisbatan summa bo`yicha 68,1 foizga, sud buyruqlari soni bo`yicha esa 71,3 foizga kamaydi.
Ko`rib chiqilgan fuqarolik ishlari bo`yicha 120 081 ta hal qiluv qarorlari chiqarildi. Ushbu qarorlar bo`yicha talablarning 86,4 % dan ortig`i qanoatlantirildi.
Hal qiluv qarori qabul qilingan da`vo tartibidagi 98 080 ta fuqarolik ishlaridan 27 701 tasi nikohdan ajratish, 24 233 tasi bitimlar bilan bog`liq, 1 165 tasi ishga tiklash, 1 045 tasi turar joydan ko`chirishga oid va boshqa ishlar tashkil qiladi.
Nikohdan ajratishga oid ko`rilgan ishlar tahliliga ko`ra, hal qiluv qarori qabul qilingan 27 701 ta ishning 16 739 tasi bo`yicha da`vo talablari qanoatlantirilgan (qonuniy nikohlar bekor qilingan), 10 962 tasi bo`yicha da`vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan (qonuniy nikohlar bekor qilinmagan). Bundan tashqari, 3 945 ta da`vo bo`yicha ishni yuritish tugatilgan yoki ko`rmasdan qoldirilgan.
52 696 ta fuqarolik ishi sayyor sud majlislarida ko`rib chiqildi.
Aholi bilan 5 375 ta uchrashuv va ochiq muloqotlar o`tkazildi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan nazorat tartibida 791 ta ish ko`rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 255 ta qaror bekor qilindi va 95 ta sud qarorlari o`zgartirildi.






