O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida zamonaviy harbiy mojarolarga bag`ishlangan birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman davom etmoqda.
Anjuman doirasida O`zbekiston mudofaa vazirining o`rinbosari, Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig`i general-mayor Azizbek Ikramov “XXI asr harbiy mojarolarining o`ziga xos xususiyatlari” mavzusidagi tahliliy ma`ruzasi bilan chiqish qilib, butun dunyoda sodir bo`layotgan harbiy mojarolarning kelib chiqishi va uning oqibatlari haqida gapirdi.
Azizbek Ikramov zamonaviy harbiy mojarolar mazmuni, uning yangi qiyofa va xususiyatlari, axborot-mafkuraviy va kiber makonda olib borilayotgan urush haqida alohida ta`kidlab o`tdi.
“Hisob-kitoblarga ko`ra, insoniyat shu vaqtga qadar 300 yilgina urushsiz yashagan. Bu har yuz yilga bir hafta tinchlik davri to`g`ri keladi demakdir. Bundan 3,5 ming yil oldin sovuq qurollar yordamida boshlangan urush hozirda yadroviy va axborot makonida davom etmoqda. Bu kabi urushlarning oldini olish uchun xorijiy oliy harbiy ta`lim va tadqidot muassasalari bilan mustahkam aloqalarni o`rnatish zarur. Bugungi barcha ishlarimiz aynan shunga yo`naltirilgan”, — deydi mudofaa vazirining o`rinbosari.
Shuningdek, anjuman davomida Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi professori Brian Todd “Afg`onistondagi ichki mojaroning ahvoli va rivojlanishi”, Koreya Respublikasi Milliy mudofaa universiteti prezidenti Li Seok Gu “Davlatlararo mojarolarning rivojlanish dinamikasi Koreya yarimoroli misolida” mavzularida ma`ruza qildi.
Anjuman davom etmoqda
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






