AsosiyJamiyat

IIV “Dunyouzbeklari.com”dagi ochiq shikoyatga aniqlik kiritdi

'IIV “Dunyouzbeklari.com”dagi ochiq shikoyatga aniqlik kiritdi'ning rasmi

2019 yilning 12 oktyabr kuni “Dunyouzbeklari.com” internet tarmog`iga joylashtirilgan “Hech kim avariya bo`lay deb yo`lga chiqmaydi” sarlavhali shikoyat xati o`rganib chiqildi. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ma`lumotiga ko`ra, joriy yilning 8 sentyabr kuni soat taxminan 14:30larda shikoyat muallifi S.Yuldashev boshqaruvidagi davlat raqami 01 T 606 KA bo`lgan “Epika” rusumli avtotransport Qashqadaryo viloyati Yakkabog` tumanining Amir Temur ko`chasi hamda “Shahrisabz-Qarshi 4R79” yo`llarining kesishgan chorrahasida svetaforning qizil chirog`iga to`xtab turgan davlat raqami 70 R 351 NA bo`lgan “Lasetti” rusumli avtomashinaning orqa qismiga urilib, yo`l-transport hodisasini sodir etgan.

Haydovchilar O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 137-moddasida ko`rsatilgan talabni buzgan holda voqea sodir etilgan joydan ketib qolishgan.

Mazkur holat yuzasidan hodisa joyga yuborilgan yo`l-patrul xizmati xodimlari qoidabuzarlarni tumandagi “O`z” qishlog`i hududida joylashgan avto ta`mirlash ustaxonasida bo`lganliklarini hamda yuqorida ko`rsatilgan ikkita avtotransport vositasi texnik shikastlangan holatda ekanligini aniqlaganlar.

Shundan so`ng ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari amalga oshirilgan. O`z navbatida S.Yuldashev o`z xizmat burchini bajarayotgan xodimlarga faol qarshilik ko`rsatib, ularni haqoratlab, jamiyatda yurish-turish qoidalariga nomunosib xatti-harakatlar sodir etgan. Shu o`rinda S.Yuldashevning “mastlik holati”da bo`lganligi Yakkabog` tumani narkologiya dispanserining xulosasi bilan tasdiqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Natijalari o`rnatilgan tartibda yo`l-transport hodisasi ishtirokchilariga etkaziladi.

Aytib o`tish joizki, “Yo`l harakati qoidalari”ga zid ravishda hodisa sodir etilgan joyni o`zboshimchalik bilan tashlab ketish, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunmaslik, ularni haqorat qilish kabi harakatlar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Ichki ishlar vazirligi fuqarolarimizdan “Yo`l harakati qoidalari”ga qat`iy rioya etishlarini hamda o`z xizmat burchini bajarayotgan xodimlarga nisbatan hurmatda bo`lishlarini so`rab qoladi.

    Boshqa yangiliklar