AsosiyJamiyat

Xavotir: O`zbek tili o`z maqomiga erishdimi?

'Xavotir: O`zbek tili o`z maqomiga erishdimi?'ning rasmi

Har yili oktyabr oyi kirib kelishi bilan ommaviy axborot vositalarida  o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan bog`liq sana esga tushadi. Quloch-quloch maqolalar yoziladi, radio va telekanallarimizda soatlab eshitrirish va ko`rsatuvlar namoyish qilinadi. Joylarda turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, bahsu munozaralar avj oladi. Xo`sh, keyin-chi?

Afsuski, hali-hanuz yurtimizda o`zbek tili o`zining qonuniy maqomini egallab ulgurgani yo`q. Hamon ko`chalarda ketib borarkansiz, rus , ingliz va boshqa tillardagi yorliqlar, havolalar, e`lon va shiorlar ko`z qamashtiraveradi. Haligacha, odamlarimiz milliy atamalarni chetga surib, “Alayskiy”, “Farxadskiy, “Ippodrom”, “Zeleniy most”, “Bulvar”, “Dagbitskiy”, Sofiyskiy”, “Lunacharskiy”, “Vsokovoltny” singari atamalarni ishlatishni ma`qul ko`rishadi. 

Yashiririb nima qildik: ko`pchilik hamyurtlarimiz  “bolalarimiz til o`rgansin, ulg`ayganida ish topolmay qiynalmasin” deb maktablarning rus sinfiga berishadi. Gohida, ota-onalar o`z bolasining “o`zbekcha bilmasligi”ni aytib maqtanayotganiga guvoh bo`lamiz. Albatta, yoshlarimiz qancha ko`p til o`rgansa, shuncha yaxshi. Ammo, bu “poliglotlik” ona tilimizni bilmaslik yoki unutish hisobiga bo`lmasin-da!

Internet orqali ko`pgina davlat muassasalarining hujjatlarini izlaganda, ularning davdat tilidagi nusxasini topa olmaysiz. Xalqaro anjumanlarda, konferensiyalarda  o`zbek tilining  deyarli ishlatilmasligi hozir hech kimni ajablantirmay qo`ygan. Ba`zi anjumanlarda xorijlik  hamkasblarimiz bir necha bor “nega O`zbekitstonda xalqaro tadbirlar o`zbek tilida olib borilmaydi?” deb savol berishganida, qanday javob qaytarishni bilmay qolaman. 

Xorijiy elchixonalar tomonidan o`tkaziladigan anjumanlarda elchilar qiynalib bo`lsa-da, o`zbek tilida gapirganiga ko`p bora guvoh bo`lganmiz. Ammo, bunday tadbirlarda ishtirok etgan o`zimizning mutasaddilar  ko`pincha boshqa tillarda chiqish qilishni afzal ko`rishadi. 

Nega? Nima uchun?

Ish yuzasidan qo`shni va qardosh mamlakatlarga ko`p borib turaman. Joriy yilning may oyida qo`shni Qozog`istonning Almati shahrida o`tkazilgan media-forumda ishtirok etdim. Tadbirda so`zga chiqqan qozog`istonlik  rasmiylar o`z ma`ruzalarini ona tilida o`qishdi. Sinxron tarjimalar qozoq, rus va ingliz tillarida teng olib borildi. 

Yaqinda Boku shahrida o`tkazilgan bir xalqaro anjumanda ham xuddi shunday holatga guvoh bo`ldik. Mahalliy ishtirokchilar ozarbayjon  tilida ma`ruza qilishdi, tarjimonlar sinxron tarzdaorqali  rus va boshqa tillarga o`girib berishdi.

Bir necha yil muqaddam Gruziyada bo`lganimda  ko`chalar, binolar, peshtoqlardagi yozuvlar barchasi gruzincha ekani e`tiborimni tortgandi. Faqat xorijlik turistlarga qiyinchilik tug`ilmasligi uchun ayrim joylarda ingliz tilidagi bitiklar uchraydi. 

Bu kabi kuzatishlarim so`ngida “hech bir xalq o`z ona tilini bizchalik “qadrlamas” ekan” qabilidagi achchiq xulosaga kelgandim. Afsuski, bu fikrimni hamon o`zgartirolmay kelaman. 

Holbuki, bugun o`zbek tilini xorijliklar ham qiziqish bilan o`rganmoqda. “Bi-bi-si”, “Ozod Evropa”, “Amerika ovozi”, “Eron ovozi”, “Sputnik” singari yirik axboro mahkamalari dunyoning ko`plab tillari qatorida o`zbek tilida ham o`z materiallarini e`lon qilib borishadi. Xitoyda, Turkiyada, Amerikada, Germaniyada, Hindistonda  o`zbek tili bo`yicha maxsus tadqiqotlar olib boriladi, ilmiy ishlar himoya qilinadi. 

      Qonun bor, ammo...

Xo`sh, nima qilmoq kerak? Bu savol o`ttiz yilki qayta-qayta beriladi. O`zbek tili jahonda o`z nuyuziga, obro`-e`tiboriga ega ekan, nima uchun o`z Vatanimizda etarlicha qadr topmayapti? 

Buning asosiy sababigni tashqaridan emas, o`zimizdan izlamog`imiz lozim. Eng avvalo davlat tili to`g`risidagi qonunni zamon talablari darajasida takomillashtirish, undagi talablarni qat`iylashtirish zarur. Qonun moddalariga e`tibor qaratadigan bo`lsak, ularning ko`pchiligida “davlat tilida, shuningdek, boshqa tillarda ham...” iborasiga tez-tez duch kelamiz. E`tibor qiling:

“Fuqarolik holatini qayd etuvchi hujjatlar, shaxsning kim ekanligini va uning huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar davlat tilida rasmiylashtiriladi, zaruriyatga qarab boshqa tilda tarjimasi takrorlanishi mumkin”.

“O`zbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta`minlanadi”.

“Televidenie va radio eshittirishlari davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda olib boriladi”.

“Noshirlik faoliyati davlat tilida, ehtiyojlarni hisobga olgan holda esa, boshqa tillarda ham amalga oshiriladi”.

“Lavhalar, e`lonlar, narxnomalar va boshqa ko`rgazmali hamda og`zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e`lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin».

“Korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulot davlat tilidagi va boshqa tillardagi yorliqlar, yo`riqnomalar, etiketkalar bilan ta`minlanadi”.

    Kimda qanaqa? 

Qonunni o`qib chiqar ekanmiz, u o`ta ehtiyotkorlik, muloyimlik bilan tuzilganga, ochig`ini aytganda, qonundan ko`ra ko`proq tavsiyanoma o`xshashini anglaymiz. Unda imkon darajasida o`zbek tilinining mavqeini  boshqa tillardan  oshirib yubormaslikka harakat qilingandek  tuyuladi. (Bu har qalay, mening xulosam). Qonuni bilan yaxshi tanishib chiqqan, boshqa tilda so`zlaydigan yoki boshqa millatga mansub fuqarolar “davlat tilini o`rgansak ham, o`rganmasamk ham bo`larverar ekan” degan xulosaga bormasligiga hech kim kafolat bermaydi. Davlat tilidagi qonunni buzish, davlat tiliga hurmatsizoikuning huquqiy oqibatlari qonunda aniq ko`rsatib berilmagan. 

Holbuki qo`shni va qardosh mamlakatlarning davlat tili haqidagi qonunlari biznikidan ko`ra mukammalroq va qat`iyroq ishlab chiqilgan, desak xato qilmagan bo`lamiz. Masalan, Tojikiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni 3-moddasida “Tojikiston Respubliksining har bir fuqarosi tojik  tilini bilishi shart” ekani ko`rsatib qo`yilgan. 27-moddada esa, “Davlat tili haqidagi qonun normalarni buzgan mansabdorlar, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi” belgilangan. 

Qozog`iston Respublikasining “Davlat tili haqidagi qonuni”ning 4-moddasida “davlat tilini bilish va unga hurmat bilan munosabatda bo`lish har bir Qozog`istgn Respublikasi fuqarosining burchi ekani” belgilab qo`yilgan. 

Armaniston Respublikasining “Til haqida”gi qonunida esa, turli anjumanlar, majlislar, xalqaro konferensiyalar, s`ezd va sessiyalarda arman tilida o`qilmaydigan har qanday nutqning sinxron tarjimasi ta`minlanishi qat`iy belgilangan.

Afsuski, bizning qonunimizda bunday qat`iyatni emas, “o`zbekona bag`rikenglik”ni ko`ramiz, xolos. Albatta, yurtimizda istiqomat qiladigan har bir fuqaroning millati, tili, dini, qadriyatlarini kamsitishga hech kimning haqqi yo`q. Lekin davlat tili o`zbek tili bo`lgach, u boshqa tillardan loaqal bir parda yuqoriroq tursa, menimcha buni hech kim millatchilikka yo`ymasa kerak...

        Hozircha kech emas...

Avgust  oyida yurtimzida o`tkazilgan xalqaro media-haftalik doirasida koreyalik professor Eng Yung  O, yaponiyalik musiqachi Masuo Kavasaki, vengriyalik sharqshunos Benedek Peri  singari mehmonlarning  o`zbek tilida ravon gapirganini ko`rib, g`ururlanib ketgandim. 

Bir paytlar buyuk ozar shoiri Xalil Rizo Uluturk ham tilimizning go`zalligi va nafosatidan ilhomlanib, shunday jo`shqin misralarni bitgan edi:

Qay bir kunda  uchib kelding, samolardan, o`zbek tili?

Qanot olding eng muqaddas sadolardan, o`zbek tili!

Beshik tutgan kelinlarning  allalarin tinglabmiding? 

Yaralgansan shu ilohiy  nidolardan, o`zbek tili!

Endi o`zingiz o`ylang, boshqa millat vakillari bizning tilimizga shu qadar mehr qo`yishgan, uni astoydil o`rganayotgan ekan. nega biz o`zimizning bebaho boyligimiz bo`lgan ona tilimizga etarlicha e`tibor qara olmaymiz? Axir, dunyoda bir necha ming odam so`zlashadigan tilini ham boshiga ko`tarib, uning dovrug`i olamga yoygan shoiru fozillar kammi? 

Dog`iston xalqining buyuk farzandi Rasul Hamzatov tufayli butun dunyo dunyoning bir chekkasida avar degan xalq borligi, uning go`zal tili haqida tasavvurga ega bo`lmadimi? 

Bizning tilimiz-ku, hozircha xavf ostidagi, yo`qolib borayotgan  tillar guruhiga kirmaydi. Ammo, o`zimiz ajdodlarimizdan meros bo`lib kelgan ona tilimizni asramas ekanmiz, millatimiz va ma`naviyatimiz kelajagini ulkan xavf ostida qoldiramiz. Zotan, o`zbek tili – bu bizning boyligimiz, or-nomusimiz, sha`nimiz demak. Uni eng avvalo  o`zimiz asrashimiz, hurmatlashimiz  kerak. 

        Rustam Jabborov

    Boshqa yangiliklar