Samarqand shahridagi bog`chalarda zaharlanish holatlari yuzasidan Maktabgacha ta`lim vazirligi axborot berdi.
O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi ishchi guruhi Samarqand shahridagi 80, 98 va 106-sonli maktabgacha ta`lim tashkilotlari (MTT) tarbiyalanuvchilari zaharlanishi holatlarini o`rganib chiqdi. Joriy yilning 10-11 oktyabr kunlari jami 31 nafar tarbiyalanuvchi kasalxonaga yotkazildi. Ayni paytda bolalar ahvoli qoniqarli bo`lib, ularning 25 nafari kasalxonadan chiqdi.
Zaharlanish sabablari Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan bolalar analizlariga, shuningdek ishchi guruh tomonidan oziq-ovqat masulotlari, oshxona jihozlari, xodimlar qo`li va kiyimlaridan olingan surtmalar asosida aniqlanadi.
MTV 80, 98 va 106-sonli MTTdagi shart-sharoitlarni o`rganib chiqdi.Ushbu MTTlarda ovqatlanish autsors usuli bilan tashqil etilgan. Bolalar salomatligiga zarar etkazishi mumkin bo`lgan qo`pol qoidabuzarliklar aniqlanmadi.
106-sonli MTT
Bolalar soni: 9 oktyabr kuni – 285, 10 oktyabr kuni – 257 nafar tarbiyalanuvchi
Zaharlangan bolalar soni: 7
MTTda markazlashtirilgan suv ta`minoti va kanalizasiya hamda qozonxona ishlaydi. Barcha xodimlar tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya qoidalariga muvofiq muzlatgichda saqlanadi, sutkalik namunalar olinadi.
98-sonli MTT
Bolalar soni: 9 oktyabr kuni – 484, 10 oktyabr kuni – 458 nafar tarbiyalanuvchi
Zaharlangan bolalar soni: 20
MTTda markazlashtirilgan suv ta`minoti va kanalizasiya hamda qozonxona ishlaydi. Xodimlar rejali tibbiy ko`rikdan o`tish jarayonida.
Oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya qoidalariga muvofiq ombordagi ikkita muzlatgichda saqlanadi. Oshxonada muzlatgich mavjud emas, go`sht va sabzavotlarni yuvish uchun vanna o`rnatilmagan, xom go`sht va sabzavotlar uchun stollar esa issiq sexda joylashgan. Hamshira xonasida bir muzlatgichdan sutkalik namunalar saqlanmoqda. Xojatxonalar dezinfeksiya qilinmasligi aniqlandi.
80-sonli MTT
Bolalar soni: 9 oktyabr kuni – 232, 10 oktyabr kuni – 326 nafar tarbiyalanuvchi
Zaharlangan bolalar soni: 4
MTTda markazlashtirilgan suv ta`minoti va kanalizasiya hamda qozonxona ishlaydi. Barcha xodimlar tibbiy ko`rikdan o`tdi.
Guruhlarda unitazlar va rakovinalar soni etarli emasligi aniqlandi. Oziq-ovqat mahsulotlari ombordagi sotvutgichda saqlanadi, mahsulotlarni saqlash qoidalarini buzish holatlari mavjud (tuxum va shakar yonma-yon saqlab kelinmoqda).Oshxonada muzlatgich mavjud emas, bir muzlatgichdan sutkalik namunalar hamshira xonasida saqlanadi, oshxona idish-tovoqlarini yuvish uchun vannalar o`rnatilmagan.
80-sonli MTT faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to`xtatib qo`yildi.
Zaharlanish sabablari bo`yicha yakuniy xulosa laboratoriya tahlili natijalariga ko`ra chiqariladi.