Joriy yilning 15 oktyabr kuni Chili poytaxti Santyago shahrida Xalqaro jinoiy polisiya tashkiloti (Interpol) Bosh Assambleyasining 88-sessiyasi o`z ishini boshladi, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi IIV matbuot xizmati.
Sessiya ishida 173 ta Interpolga a`zo davlatlarning 1000 dan ortiq vakillari, shu jumladan 32 nafar polisiya organlari rahbarlari va 25 nafar ichki ishlar vazirlari qatnashmoqdalar.
Mazkur tadbirda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari A. Tashpulatov, O`zbekistondagi Interpol Milliy markaziy byurosi mudiri R.Isroilov va boshqa mas`ul xodimlar respublika delegasiyasi tarkibida ishtirok etmoqdalar.
Sessiyaning ochilish marosimida Chili Respublikasining Prezidenti Sebastyan Pinera tabrik nutqi bilan so`zga chiqdi.
Uchrashuv doirasida Interpolning asosiy vazifalari va funksiyalarini muhokama qilish, tashkilotning faoliyati to`g`risida Rezolyusiya qabul qilish, Bosh Assambleya tomonidan bajarilgan ishlar to`g`risida hisobot eshitish, Ijroiya qo`mitasi va Bosh kotib saylovlarini o`tkazish masalalari ko`rib chiqiladi.
Shuningdek, ushbu tadbir doirasida vazirlik delegasiyasining Rossiya, Koreya, Turkiya, Afg`oniston va Ozarbayjon ichki ishlar vazirliklari va polisiya vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari rejalashlashtirilgan. Ushbu muzokaralarda tomonlar uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, terrorizm, noqonuniy migrasiya va odam savdosiga qarshi kurashish yo`nalishlarida hamkorlikning holati va istiqbollari hamda boshqa dolzarb masalalarni muhokama qiladilar.
Interpol Bosh Assambleyasining 88-sessiyasi joriy yilning 18 oktyabrga qadar davom etadi.






