AsosiyJamiyat

Farg`ona vodiysi temir yo`l kesishmalarida 9 oyda 3 ta to`qnashuvlar sodir bo`lgan

'Farg`ona vodiysi temir yo`l kesishmalarida 9 oyda 3 ta to`qnashuvlar sodir bo`lgan'ning rasmi

Toshkent shaxri bilan Farg`ona vodiysi viloyatlarini, shaharlarini, tumanlarini bir-biriga bog`lovchi yangi zamonaviy elektrlashtirilgan “Angren-Pop” temir yo`li ishga tushirildi. Har kuni ikki marotaba Andijon – Toshkent, seshanba kuni Andijon-Termez, yakshanba kuni Andijon-Moskva va Andijon-Buxoro, payshanba kunlari Andijon-Urgench yo`nalishi bo`yicha  yo`lovchi poezdlari hamda xalq xo`jaligi yuklarini tashish uchun yuk poezdlari qatnovi yo`lga qo`yilgan va katta tezlikda uzluksiz harakat qilmoqda, deydi “O`ztemiryo`lnazorat” inspeksiyasi Farg`ona filiali boshlig`i Mo`ydin Yusupov.

Hozirgi kunda Qo`qon-Namangan-Andijon yo`nalishi bo`yicha yangi temir yo`lini tubdan ta`mirlash va elektrlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Qo`qon-Namangan yo`nalishi bo`yicha elektrlashtirish ishlari tugatildi. Namangan temir yo`l vokzali yangidan zamonaviy ko`rinishga keltirildi.

Temir izlar ayrim joylarda avtotransportlar yuradigan mahalliy va magistral yo`llari  bilan kesishadi. Farg`ona vodiysida ya`ni “Qo`qon” mintaqaviy temir yo`l uzeli hududida 136 ta temir yo`l kesishmasi mavjud bo`lib, undan 58 tasi qo`riqlanadigan, 78 tasi qo`riqlanmaydigan toifaga kiradi. Qo`riqlanadigan temir yo`l kesishmalarining 6 tasiga avtomat to`siqlar (UZP) o`rnatilgan.

Avtotransport haydovchilari temir yo`l kesishmalaridan  e`tiborsizlik bilan o`tishi oqibatida Farg`ona vodiysi temir yo`l kesishmalarida 2019 yilning ortda qolgan to`qqiz oyi davomida 3 ta ko`ngilsiz voqealar, to`qnashuvlar sodir bo`ldi. Bu hodisalar va voqealar ba`zi bir haydovchilar tomonidan amaldagi qonun – qoidalarga amal qilmasligi va haydovchilar o`rtasida  yo`l harakati xavfsizligi qoidalari bo`yicha etarli darajada tushuntirish ishlarini olib borilmayotganligi oqibatida kelib chiqmoqda.

Yo`l transport kommunikasiyalari global tarmoqlar orqali integrasiyalashayotgan, barcha turdagi transport vositalarining tezligi ortib borayotgan davrda harakat xavfsizligini ta`minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.  Bu temir yo`l transporti faoliyatini samarali tashkil etish uchun ham eng muhim omil hisoblanadi. Aytish joizki, hozirgi kunda Farg`ona vodiysi viloyatlarida toifasi yuqori bo`lgan qo`riqlanuvchi temir yo`l kesishmalaridagi shlagbaumlar boshqaruvi avtomatlashtirilgan. Bu esa haydovchilar bilan kesishma navbatchilari o`rtasida tushunmovchilik keltirib chiqarmoqda. Ya`ni haydovchi yopiq holatdagi temir yo`l kesishmasi oldida turar ekan, kesishma navbatchisidan poezd hali uzoqdaligini aytib shlagbaumni ochib berishini talab qilmoqda. Vaholanki, ularning bu e`tirozi umuman o`rinsiz, kesishmadagi avtoshlagbaumni navbatchi ochib yopmaydi. Poezd o`z manzili tomon harakatni boshlashdan oldin bekat navbatchisi temir yo`lni ochiq holatga keltiradi, bunda kompyuter orqali ogohlantiruvchi ishoralar beriladi. Temir yo`l kesishmasida shu ishoralar berilgandan boshlab yo`riqnomada ko`rsatilgan soniya o`tgach, avtoshlagbaum avtomatik tarzda  yopiq holatga keladi. Bu jarayonda navbatchi faqat kuzatuvchi vazifasini bajaradi, ya`ni kesishma navbatchisi shlagbaum yopilganini nazorat  qiladi.

Shu bilan birga qo`riqlanmaydigan temir yo`l kesishmalaridan o`tishda ham alohida ehtiyotkorlik zarar qilmaydi. Kesishmada ogohlantiruvchi qo`ng`iroq va svetoforning miltillovchi qizil chirog`i poezd yaqinlashayotganini anglatadi. Bundan tashqari tezyurar yo`lovchi poezdlarini qatnovi yo`lga qo`yilganligi sababli “Qo`qon” mintaqaviy temir yo`l uzeli boshlig`ining bo`yrug`iga asosan har bir qo`riqlanmaydigan kesishmalarda navbatchilar biriktirildi va qo`shimcha nazorat kuchaytirildi.

Shu o`rinda, temir yo`l atrofida yashovchi fuqarolarimiz va haydovchilardan kesishmalardan o`tayotganda e`tiborni kuchaytirib, qoidalarga rioya etishlari eng avvalo o`z hayotlari va xavfsizliklari uchun muhimligini yana bir bor eslatib o`tmoqchimiz. 

           

 

    Boshqa yangiliklar