Khan Academy O’zbek - O`zbekistondagi ilk ommaviy bepul onlayn ta`lim platformasining ochilish marosimi bo`lib o`tmoqda. Bu haqda huqushunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiev xabar bergan.
“Bugun, O`zbekistonda ilm sohasidagi tarixiy kunlardan biri. Bepul mustaqil ta`lim olish bo`yicha dunyodagi eng katta platformalardan biri - Khan Academy - bir guruh fidoyi yurtdoshlarimiz tomonidan o`zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Bu juda katta foydali, savobli hamda mashaqqatli ish.
www.xanakademiyasi.uz orqali yoshlarimiz onlayn videodarslarni ko`rib, o`z bilimlarini oshirishlari mumkin.
To`g`ri, internetda foydali kontent juda ko`p. Istalgan fan bo`yicha bemalol uyda o`tirib, mustaqil va mukammal bilim olish mumkin. Ammo ular xorijiy tillarda. O`zbek tilida esa, ming afsuski, foydali manbalar juda g`arib.
Menimcha, Khan Academy O’zbek loyihasi o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yillik bayramiga eng katta sovg`a bo`ldi.
Ushbu loyiha yana bir tomondan juda quvonarli. Mazkur loyiha tashabbuskor fuqarolar tomonidan amalga oshirildi, unga mingga yaqin insonlar o`z xayriyalari bilan ulush qo`shishdi. Ya`ni ushbu yirik loyiha mualliflari davlat emas, jamiyat - sizu biz! “Davlat bizga nima qilib berdi, falon narsani davlat qilsin” degan mafkura yopishib qolgan bir zamonda, fuqarolarning o`zi ham birgalashib yirik loyihalar qila olishi mumkinligini isbotlab bergani uchun ham xursandman. Haqiqiy fuqarolik jamiyatining asosiy belgisi ham shu aslida.”
Ma`lum bo`lishicha, loyihaga hissasini qo`shmoqchi bo`lganlar @khanacademyuzbek kanaliga a`zo bo`lishi Payme yoki Click tizimlari orqali xayriya qilishi ham mumkin.
Loyihaga o`qituvchi yoki tarjimon sifatida yordam berish imkoniyati ham bor: https://t.me/khanacademyuzbek/203 (https://t.me/khanacademyuzbek/203)
Khan Academy amaliy mashqlarni, o`quv videoroliklarini va o`quvchilar o`zlariga mos tezlikda o`qishini ta`minlab beruvchi panelni taklif etadi. Platforma matematika, ilm-fan, kompyuterda dasturlash, bilogiya, kimyo, fizika, san`at, iqtisodiyot va boshqa ko`plab yo`nalishlar bo`yicha kontent taqdim qiladi. Khan Academy'ning asosiy vazifasi bu o`quvchini boshlang`ich matematikadan oliy fanlargacha bo`lgan o`qish jarayonida yo`naltirib turishdir, bunda u o`quvchining kuchli va zaif taraflarini aniqlab beruvchi zamonaviy va sodda texnologiyalardan foydalanadi. Bundan tashqari, platforma NASA, zamonaviy san`at muzeyi, Kaloforniya ilm-fan akademiyasi va Massachusets texnologiya institutlari bilan hamkorlikda ishlaydi va ular tomonidan taqdim qilingan maxsus kontentdan foydalanadi.