Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokida OAV va blogerlar uchun Matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Viloyat rahbari Andijonda bo`lgan investision forum haqida ma`lumotlar berib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.
Hokim forum doirasida Matbuot anjumani boshlanganiga qadar 250 million AQSh dollarilik shartnomalar shuningdek, 40 million dollarlik eksport shartnomasi imzolanganligini haqida xabar berdi.
— Viloyatda muammoli tumanlar bor. Nima uchun mana shunday investisiyalar o`sha tumanlarga yo`naltirilmayapti?
— Investorga eng avvalo nima kerak? Uzluksiz svet, gaz, suv ta`minoti va sifatli yo`l kerak . Afsuski viloyatdagi har bir tumanda ham infratuzilma yaxshi shakllanmagan. Viloyatda muammolar hali etarli va mana shunday forumlar ham muammolarni hal qilish uchun tashkil etilgan. Forum natijasida viloyatda 5 ming kishi ish bilan ta`minlanishi kutilyapti. Biz butun viloyatni rivojlantirish uchun ish olib bormoqdamiz va muammoli tumanlarga ham investisiya kirib boradi. Shu munosabat bilan jurnalistlar va blogerlardan ushbu forumni, Andijonda ko`rganlaringizni boricha, holislik bilan targ`ib qilishlaringni so`rayman.
— Nima uchun Hindiston bilan hamkorlik qilish uchun aynan Andijon viloyati tanlandi? Bunda qandaydir g`oyaviy jihat bormi?
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bejizga Hindiston bilan hamkorlik qilish uchun Andijonni tanlamadi. Yaxshi bilamiz, bizning xalqlarimiz o`zaro tarixiy qadriyatlarga ega. Bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur Andijondan borib, Hindistonda o`z davlatini tuzgan va sulola 300 yil davomida Hindistonni boshqargan.
— Investorlar viloyatga kelayotgan yaxshi, ammo ularning huquqlarini kim himoya qiladi? Buning uchun viloyat hokimi sifatida nimalar qilyapsiz?
— Bu juda to`g`ri savol. Ilgari hokimlarga faqat qishloq xo`jaligi ishlarini boshqaradigan odam sifatida qaralar edi. Hozir vaziyat tubdan o`zgargan. Klasterlar tizimi yo`lga qo`yilgani uchun qishloq xo`jaligi ishlari bir tizimga yo`naltirildi. Qachon ilgari Andijon viloyati 29 kunda paxta rejasini 102 foizga bajargan edi? Men hozir hokim sifatida bevosita investorlar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo`lganman. Bir gapni aytaman, viloyatga birorta investor men bilan suhbatlashmay kirmaydi. Men ularning har birini shaxsan qabul qilaman va barcha qulayliklarni yaratishga harakat qilaman. Men viloyat hokimi sifatida har bir investorga qonun ustuvorligini ta`minlayman.
Matbuot anjumanida 67 nafar mahalliy va xorijiy OAV, blogerlar ishtirok etdilar, deya xabar beradi Andijon viloyat hokimligi Matbuot xizmati.






