O`zbekistondagi barcha umumta`lim maktablarida II chorakdan boshlab dars va mashg`ulotlar davlat madhiyasini jo`r bo`lib kuylashdan boshlanadi. Mazkur ma`lumotni Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Anvar Umarov tasdiqlagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda vazir o`rinbosari Dilshod Kenjaev tomonidan 2019 yil 17 oktyabr kuni imzolangan hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta`limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta`limi boshqarmalari boshliqlariga hamda vazirlik tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktablari rahbarlariga yuborilgan xat fotosurati tarqaldi.
Unda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi videoselektor majlisi bayonining 6-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida, 2019-2020 o`quv yilining II choragidan boshlab barcha maktablarda darslar va mashg`ulotlar har kuni O`zbekiston Respublikasining davlat madhiyasini o`quvchilar tomonidan jo`r bo`lib kuylashdan boshlanadi.
Bu o`quvchilarda vatanparvarlik hissini rivojlantirish hamda davlat ramzlariga nisbatan hurmatni mustahkamlash maqsadida amalga oshirilishi aytiladi. Mansabdor shaxslardan bu boradagi ishlarni yo`lga qo`yish borasida tegishli choralar ko`rish so`ralgan.