1

“Uzbekistan Airways” – “Uchsang ham shu, uchmasang ham shu” yoxud yaqindagi o`pkadan uzoqdagi quyruq arzonmi?

Jamiyat 28.10.2019, 11:27
Teglar: O`zbekiston havo yo`llari
“Uzbekistan Airways” – “Uchsang ham shu, uchmasang ham shu” yoxud yaqindagi o`pkadan uzoqdagi quyruq arzonmi?

 

                                                                                                              yana “O`zbekiston havo yo`llari” haqida

O`zbekistonda havo transporti yo`nalishida yagona monopolist tashkilot bo`lgan “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi haqida ko`p va xo`p aytilmoqda, yozilmoqda, tanqid qilinmoqda. Bu safar ham Sherali Otaboev bu boradagi o`z tahlillari bilan bo`lishdi.

So`nggi paytlarda xorijga borib kelganlar bilan so`zlashsangiz, aksariyati Qozog`iston orqali uchganini aytishadi. Qo`shni davlat orqali uchishdan 2, 3 milliongacha mablag` tejab qolayotganini aytishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham shu mazmundagi fikr-mulohazalarni uchratib qolamiz.

Xo`sh, aslida Qozog`iston aviakompaniyalari orqali uchishning nima afzalliklari bor? Avvalo tejalayotgan mablag`lar summasi qancha ekanligini bilish uchun aviasales.kz saytiga kirib narxlarni solishtiramiz.

Almata-Istanbul-Almata yo`nalishi (oradagi masofa bir tomonga 5401 km., masofaga ketadigan vaqt 6 soat 5 daqiqa)ni tanlaymiz. Sayt avtomatik tarzda “Air Astana” aviakompaniyasining 111566 tengelik biletini taklif qildi. Bu o`zimizning milliy valyutada 2 million 677 ming so`mni tashkil etar ekan.

Shundan so`ng O`zbekiston milliy aviakompaniyasining uzairways.com saytidan Toshkent-Istanbul-Toshkent yo`nalishi (oradagi masofa 3364 km., vaqti 5 soat 20 daqiqa) bo`yicha qidiruv e`lon qildik. Eng arzon chipta deb – 4 million 979 ming so`mni ko`rsatdi. O`rtadagi farq 2 million 302 ming so`m.

Almata-Dehli-Almata yo`nalishini surishtiramiz (oradagi masofa bir tomonga 1603 km, uchishga ketadigan vaqt 10 soat 50 daqiqa) “Air Astana” va “Aeroflot” aviakompaniyalari 659 dollarlik narxni taklif qildi. Mazkur yo`nalish bo`yicha O`zbekiston havo yo`llarining eng arzon narxi 831 dollar. (oraliq masofa 1577 km., vaqt bo`yicha 4 soat) Tafovut 172 dollar.

Qozog`istonning o`zida 6 ta aviakompaniya mavjud bo`lib, ulardan biri “Air Astana” xizmat ko`rsatish bo`yicha eng mashhur trenddagi aviakompaniyalardan hisoblanadi. Boshqalariga nisbatan narx jihatidan ham baland turadi. Ammo shunday bo`lsa-da bizning aviakompaniyalardan deyarli teng barobar arzon narxlarni taklif qilmoqda.

Xayolan Angliyaga borish rejasini ham tuzib ko`rdik: oktyabr oyining oxirgi haftasiga Almata-London yo`nalishi bo`yicha chipta qidiruvini amalga oshiramiz, bir haftalik narxlar chiqib keldi. Unda 23 oktyabr kuniga 187 dollarga chipta borligi ko`rsatildi. Ya`ni 1 million 767 ming so`m.

O`zbekiston havo yo`llarining navbatchi aviakassalariga qo`ng`iroq qilib, oktyabr oyi oxirida Londonga faqat borish yo`nalishiga chipta so`radik. 4 million 154 ming so`m degan javob bo`ldi.

Agar qo`shnilarimiz samolyotida uchsak, 4154000-1767000=2378000. Ya`ni 2 million 387 ming so`m hamyonda qolar ekan.

Milliy aviakompaniyamiz navbatchi operatori agar uch oy oldindan bron qilinsa, uch million bo`lishini ham eslatib o`tdi. Shunda ham deyarli ikki barobar qimmat bo`lar ekan.

uzairways.com sayti bo`yicha ayni shu vaqtga qidiruv bergandik. Toshkent-London – Toshkent yo`nalishi bo`yicha eng arzon 8 083 785 so`mlik chipta ko`rsatdi. Bu – 855 dollar degani. (Toshkent- London yo`nalishi oraliq masofa 5262 km., yo`lga ketadigan vaqt 7 soat 40 daqiqa). Qozog`iston orqali uchiladigan samolyotlar, ya`ni Almata–London–Almata yo`nalishi bo`yicha eng arzoni 423 dollar. (Rossiyaning “Vnukovo” aeroportida almashish orqali 14 soatda etib boriladi.)

Endi oddiy matematik amalni bajaramiz, 855-423=432 dollar. Bu raqamni o`zimizning milliy valyutamizga chaqadigan bo`lsak, 4 million 82 ming so`m “ekonom” bo`lyapti. Aniqrog`i, O`zbekiston havo yo`llari orqali uchiladigan mablag`ga Qozog`iston orqali ikki kishi uchsa bo`lar ekan.

Shundan so`ng mahalliy yo`nalishlarda ahvol qanday ekan, degan fikrda Toshkent-Xorazm yo`nalishini surishtiramiz. Bu yo`nalishdagi masofa 737 km., vaqti 1 soatu 30 daqiqa, narxi 751 ming 578 so`m.

Almata-Taraz yo`nalishi (oraliq masofa 490 km., uchishga ketadigan vaqt 1 soatu 5 daqiqa) bo`yicha “Fly Frystan” aviakompaniyasi 13 dollar so`radi. Ya`ni 123 ming so`m. Tafovut – 628 ming so`m.

Qozog`istonning aviakompaniyalari haqida ma`lumot beruvchi aviasales.kz saytidan xohlagan yo`nalishingiz bo`yicha qidiruv bersangiz, ko`plab arzon variantlarni taqdim etadi. Ta`bingiz va imkoniyatingizga qarab tanlab olaverasiz. Umuman olganda, sizga tanlash imkoniyatini taqdim etadi. Samolyotdagi turli xizmatlar ham o`ziga tortish uchun ko`z-ko`z qilinadi. Hattoki, o`rindiqlar kengligigacha ko`rsatiladi.

Milliy aviakompaniyamizning uzairways.com saytidan esa faqat narxni bilishingiz mumkin. Hech qanday tanlash imkoniyati berilmaydi. “Uchsang ham shu, uchmasang ham shu” deganday.

Bugun qo`shnilar bilan hamkorligimiz mustahkamlanib chegaralar ochilgan. Bu esa yurtdoshlarimizga xorijga uchish uchun aviakompaniyalarni tanlash imkoniyatini ham yaratib berdi.

Birgina yo`lkiraning o`zidan 2, 3 million so`m tejashyapti. Ammo qanchadan-qancha valyutamiz qo`shni davlatlarga chiqib ketmoqda. Har bir kishi o`rtacha 300 dollardan qo`shni aviakompaniyalarda qoldirayotgan bo`lsa, bir kunda boringki 15 nafar kishi uchsa, 4,5 ming dollarni tashkil etmoqda. Bu raqam bir oyda 135 ming, bir yildagi raqam 1 million 620 ming dollarga aylanadi.

Aviakassalarimiz oldiga borsangiz, u erda o`tirgan opalar go`yoki tekinga chipta berayotgandek xo`mrayib kutib olishadi. Aslida oldiga pul ko`tarib borgan mijozni ochiq chehra bilan kutib olish ularning qonuniy vazifasi emasmi?

Qozog`iston-chi? Aviakassalar oldiga borishingiz bilan xushmuomala qizlar shunday shirinso`zlik bilan kutib olishadiki, qanday bilet sotib olganingizni bilmay qolasiz.

Bunday tafovut va holatlarga O`zbekiston Milliy aviakompaniyasi rahbariyati nima derkin?

ESLATMA: maqoladagi faktlar 2019 yil 17 oktyabr kungi ma`lumotlar asosida kiritildi. AQSh dollarining shu kundagi kursi – 9450 so`m, Qozog`iston tengesi – 24 so`m.

Sharhlar

​QOZOG`ISTONDAN O`ZBEKISTONNING TARIXIY ShAHARLARIGA PARVOZLAR YO`LGA QO`YILADI

18.10.2017, 15:06

“O`zbekiston havo yo`llari” MAK direksiyasida “Eyr Astana” rahbariyati bilan ikkitomonlama hamkorlikni kengaytirishga yo`naltirilgan uchrashuv o`tkazildi. Muzokaralar chog`ida tomonlar turistik salohiyatni oshirish maqsadida O`zbekiston va Qozog`iston...
​«O`ZBEKISTON HAVO YO`LLARI» DUShANBEGA PARVOZ NARXLARNI PASAYTIRDI

14.10.2017, 11:25

«O`zbekiston havo yo`llari» MAK 13 oktyabrdan Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo`nalishi bo`yicha narxlarni pasaytirganini e`lon qildi. Endilikda Toshkentdan Dushanbega parvoz narxi bir tomonga 75 EUR, Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo`nalishi bo`yicha...
​BANGKOK-TOShKENT YO`NALIShI BO`YIChA UShLANIB QOLAYoTGAN PARVOZ YuZASIDAN AVIAKOMPANIYa RASMIY AXBOROT BERDI

08.09.2017, 09:44

“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi Bangkok-Toshkent yo`nalishi bo`yicha parvoz qilishi kerak bo`lgan HY532 reysining qoldirilgani keltirib chiqarayotgan noqulayliklar uchun yo`lovchilar va ularning yaqinlaridan uzr so`radi....
​“O`zbekiston havo yo`llari” MAK Issiq-Ko`lga ilk charter parvozni amalga oshirdi

04.07.2017, 13:46

4 iyul kuni “O`zbekiston havo yo`llari” MAK Toshkent-Issiq-Ko`l-Toshkent yo`nalishi bo`yicha yo`lovchi charter parvozini amalga oshirdi. Ushbu yo`nalish bo`yicha charter parvoz 29 avgustga qadar Boeing 757...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1