Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O`zbekiston Respublikasi Prezidentning “Xalq ta`limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilingani haqida xabar bergan edik.
Hujjat loyihasiga ko`ra, bir qancha yangi tartiblar joriy etilishi ko`zda tutilmoqda.
Xususan, 2021 yil 1 yanvardan boshlab xalq ta`limi muassasalari rahbarlari uchun davriyligi 3 yildan iborat, o`qituvchilar uchun davriyligi 5 yildan iborat majburiy kasbiy lisenziyalash tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligiga xalq ta`limi muassasalari rahbarlari va o`qituvchilarining faoliyatini kasbiy lisenziyalash vakolati beriladi.
Malaka toifasi bo`lmagan o`qituvchi kasbiy lisenziya olganidan so`ng uning mehnatiga haq to`lash shartlari ikkinchi malaka toifasiga ega o`qituvchilarga tenglashtiriladi.
Qaror loyihasida O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi 2020-2021 o`quv yilidan boshlab pedagogika va psixologiya fanlarini oliy ta`lim muassasalarining umumta`lim fanlari yo`nalishlariga muvofiq keluvchi mutaxassislar tayyorlovchi magistratura bosqichi talabalari uchun majburiy fan sifatida kamida 144 soat hajmda o`qitilishini hamda pedagogik amaliyot o`tashini joriy etishi belgilangan.
Bunda, Xalq ta`limi vazirligi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari bilan birgalikda tasdiqlagan magistratura mutaxassisliklari ro`yxatiga muvofiq oliy o`quv yurtlari bitiruvchilariga pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish huquqi beriladi.






