O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi “Oliy ta`lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida 2020/2021 o`quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo`limga ajratib, birinchi bo`limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o`zbek, rus, qoraqalpoq tili), matematika va O`zbekiston tarixi, ikkinchi bo`limga abiturient tanlangan bakalavriat ta`lim yo`nalishiga mos ikkita fanni kiritilishi nazarda tutilgan.
Davlat test markazi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi mutaxassislari tomonidan ma`qullangan majburiy fanlar hamda bakalavriatning ta`lim yo`nalishiga mos fanlar bo`yicha test topshiriqlarining taqsimoti va baholash mexanizmi bo`yicha qo`yidagi taklif keng jamoatchilik, ota-onalar hamda abiturientlar diqqatiga muhokama uchun taqdim etilmoqda:
Majburiy fanlar bo`yicha abiturientlarga beriladigan savollar birinchi murakkablik darajasidagi savollar bo`lib, ularga javob uchun - ona tili va tarix fanidan bir daqiqagacha, matematika fanidan – 1,5 daqiqagacha vaqt ajratilishi mo`ljallangan. Test topshiriqlariga javob berish hamda javoblarni javoblar varaqasiga ko`chirish bilan birga test sinovlariga jami 3 soat vaqt ajratilishi taklif etilmoqda.
"Mushtariylar o`z fikr-mulohazalarini, takliflarini Davlat test markazining rasmiy telegram kanali (@rasmiydtm)ning boti (@dtmga_murojaat_bot) orqali bildirishlari mumkin" deyiladi Davlat test markaziga asoslanib berilgan xabarda.






