AsosiyJamiyat

Maktablarda nega rus tili o`qituvchilari etishmasligi sabablari aytildi

'Maktablarda nega rus tili o`qituvchilari etishmasligi sabablari aytildi'ning rasmi

Ma`lumki, Respublikamizdagi umumta`lim maktablarida rus tili fanidan va rus sinflarida malakali pedagogik kadrlar etishmasligi bo`yicha ko`plab murojaatlar bo`lmoqda. Mazkur masalaga Xalq ta`limi vazirligi aniqlik kiritdi.

Unga ko`ra, haqiqatdan ham, Toshkent shahri va ayrim viloyat markazlarida ta`lim rus tilida olib boriladigan umumta`lim maktablarida malakali pedagog kadrlar etishmaydi. Jumladan, Toshkent shahrida ta`lim rus tilida olib boriladigan umumta`lim maktablarida 167 nafar pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjud. Shu sababli ayrim holatlarda ushbu maktablarda mutaxassis etishmasligi sababli dars mashg`ulotlarini talab darajasida tashkil etishda kamchiliklar uchrab turibdi.

Respublika miqyosida umumiy o`rta ta`lim maktablarida bir o`qituvchiga o`rtacha o`quvchi soni 12,3 nafar bo`lsa, ta`lim rus tilida olib boriladigan maktablarda bu ko`rsatkich 25,6 nafarni tashkil qiladi. 

Bundan tashqari, Toshkent shahri va boshqa joylarda umumta`lim muassasalari rahbarlarining e`tiborsizligi tufayli ta`lim rus tilida olib boriladigan maktab va sinflarda mutaxassis o`qituvchilar va darsliklar etishmasligiga qaramay, ota-onalar talab-istaklari asosida o`quvchi va sinflar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

Bu muammoni bartaraf etish maqsadida Davlat qabul komissiyasi tomonidan ta`lim rus tilidagi yo`nalishlarga abiturientlarni qabul qilish parametrlarini Xalq ta`limi vazirligi buyurtmasi asosida manzilli belgilash, ta`lim rus tilida olib boriladigan umumta`lim maktablari uchun ehtiyoj mavjud bo`lgan fan yo`nalishlariga qabul kvotalarini ko`paytirish, respublika miqyosida ta`lim rus tilida olib boriladigan barcha umumta`lim maktablarining pedagog kadrlar salohiyati va o`quvchilar bilim darajasini chuqur o`rganib chiqib, talabga javob bermaydigan maktab va sinflar sonini kamaytirish va shu asosda strategiyani belgilash takliflari kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Xalq ta`limi vazirining “Umumiy o`rta ta`lim muassasalarini malakali pedagog xodimlar bilan ta`minlashni takomillashtirish to`g`risida”gi 142-sonli buyruqning 2-bandi bilan “Xalq ta`limi tizimidagi umumiy o`rta ta`lim muassasalari pedagog xodimlari lavozimlariga nomzodlarni tanlash, tavsiya etish va tayinlash tartibi to`g`risidagi Nizom” tasdiqlangan. Shunga ko`ra, 

Maktab direktori tomonidan o`quv fanlari bo`yicha bo`sh (vakant) pedagog xodimlar lavozimlariga bir yoki bir nechta nomzodlar kelishish uchun hududiy tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limiga tavsiya etiladi. 

Komissiya xulosasi va tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limlarining roziligi asosida - Umumiy o`rta ta`lim muassasalari pedagog xodimlari lavozimlariga mazkur lavozimlar uchun belgilangan malaka talablariga mos ma`lumotga, bilim va tajribaga, ish stajiga va yuksak shaxsiy fazilatlarga ega bo`lgan shaxslar umumiy o`rta ta`lim muassasalari direktorlari tomonidan tayinlanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar