1

"Qamoqqa olib, oilangizni sharmanda qilamiz", deb qo`rqitgan navoiylik erkak qo`lga olindi

Jinoyat 29.10.2019, 16:21
"Qamoqqa olib, oilangizni sharmanda qilamiz", deb qo`rqitgan navoiylik erkak qo`lga olindi

Navoiy viloyatida sodir bo`lgan jinoiy harakat uncha-muncha odamning hayoliga kelmas. Boringki, kelganda ham unga qo`l urishga vijdon to`sqinlik qilar. Ammo har joyda bo`lgani kabi Navoiyda ham gurunch ichidan kurmaklar chiqib turadi.

Jiyanining kuyov uyida atigi to`rt oy yashab uyiga qaytib kelishi Baxri To`xtaevga alam qildi. Boz ustiga bir kasallikni orttirib kelib, davolanish uchun undan 3 mln. so`m olib chiqib ketgani va buni qaytarishga imkon qilolmayotganidan jig`ibiyron bo`laverardi. Bu o`ylar, alamzadalik uni tinch qo`ymasdi. U shayton hamrohligida bir ishga qo`l urishni reja qildi. “Men pullarimni o`sha vallomatlardan undirib olaman!”

Rejasini yaqin bir o`rtog`i bilan fikrlashib ishga uni ham sherik qildi.

— Men tuman prokuraturasi xodimiman, siz falonchievmisiz?

Kuyov tomonga kelgan bu kutilmagan qo`ng`iroqdan xo`jalik boshlig`i Raxim Kurbonovning rangi o`chdi.

— Ha, men...

— Sizni keliningiz bizga ariza shikoyat bilan murojaat qilgan, xozirda ariza yuzasidan ish boryapti. Bu jinoiy ish bo`yicha sizni qamoqqa olishimiz va oilangizni ommaviy axborot vositalari orqali sharmanda qilishimiz mumkin. Delo meni qo`limda, zudlik bilan to`lovini qilmasangiz bo`lmaydi.

 Bundan ko`ra o`lganim yaxshi deya shoshib qolgan R. Qurbonov “deloning to`lovi” qancha ekanligini so`radi.

— Ikki million olti yuz ming so`m! Men sizni Karmana tumani avtoshohbekatida kutaman.

Kimdadir shuncha pul bo`ladi, kimdadir birdan topish mushkul. Shu ma`noda boshi qotib, “endi shu savdo xam bormidi”, deya siqilgan R. Qurbonovning esa pulni topib borishdan o`zga chorasi yo`q edi.

Aytilgan vaqt, aytilgan joyda talab qilingan pulni berildi. Ammo qarangki, bu birinchisiyu so`nggisi emas, atigi boshlanishi ekan. Shundan so`ng tanish raqam orqali kelayotgan qo`ng`iroqlardan Qurbonovlar oilasining yuragi ortiga tortadigan bo`lib qoldi.Bir gal 980.000 so`m, keyin 846.000 so`m, yana 1.200.000 so`m pullarni “deloni yopish” uchun turli vajlar bilan qo`lga kiritgan tovlamachilarning qilmishidan oxir oqibat zada bo`lgan oila a`zolari bu xususda huquqni muhofaza qilish organiga murojaat qilishga qaror qilishdi.

Dastlabki tergov jarayonida B. To`xtaevning atigi bir marotaba 2.600.000 so`m pulni olganligi, qolganlarini esa uning jinoiy sherigi o`zi uchun ishlatganligi ma`lum bo`ldi.

Haqiqat qaror topib, tovlamachilar tomonidan o`zlashtirilgan pullar egalariga qaytarildi.

Qarangki, ellik yoshida alamzadalik bilan o`ylamay qo`ygan qadami uchun jinoyatchiga aylangan B. To`xtaev hamda jinoiy sherigining sharmanda bo`lganiyu jinoyatchi, degan nomni olgani qoldi.

Sud B. To`xtaevning qilmishidan chin dildan pushaymonligi, qaramog`ida to`rt nafar farzandlari hamda keksa onasi borligi, o`zi yagona boquvchi ekanligi va shuningdek keltirilgan zarar to`la qoplanganligi, R. Qurbonovning unga nisbatan da`vosi yo`qligi va boshqa jihatlarni inobatga olib, qonun sanksiyasi doirasida tegishli jazo tayinladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1