2019 yil 28 oktyabr kuni Qarshi shahridagi “O`zbekneftgaz”AJ binosida topshiriqlarni joylardagi ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi, Energetika vaziri Alisher Sultonov tomonidan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqida “O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati xabar berdi
Tizim rahbarlari ishtirokidagi yig`ilishda neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda ularni iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga etkazib berish prognoz ko`rsatkichlarining bajarilish holati tahlil etildi.
Yig`ilish yakuniga ko`ra, muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Unga ko`ra, rejada belgilangan vazifalarni ijrosini o`z vaqtida ta`minlamagani uchun Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig`i B.Narziev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Ushbu lavozimga Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti boshlig`i R.Sherov tayinlandi.
“O`zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining qazib chiqarish bo`yicha o`rinbosari Alisher Mustafaev hamda Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig`i O.Orinbaev ishdagi kamchiliklari sabab qat`iy ogohlantirish oldi.
«O`zbekneftgaz» AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig`i K.Amonovga ushbu lavozimga yaqinda tayinlanganligi sabab yil yakuniga qadar qazib chiqarish ko`rsatkichlarini yanada oshirish talabi qo`yildi.






