1 noyabr kuni Toshkentda Vebster universitetining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tadi. Bu haqida Xalq so`zi nashri xabar bermoqda.
470 nafar talabani o`z bag`riga olgan ushbu dargoh nafaqat O`zbekistondagi birinchi AQSh universiteti bo`ladi, balki uning xorijdagi eng yirik filialiga aylanadi.
E`tirof etish lozimki, yurtimizda Vebster universiteti filiali ochilishi ilk bor 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston-AQSh biznes-forumi chog`ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan e`lon qilingan edi.
Binobarin, universitetning Sent-Luisdagi rahbariyati bilan qator uchrashuvlar va muzokaralar yakunlari, shuningdek, erishilgan kelishuvlar doirasida 2018 yil sentyabr oyida O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti bazasida TESL magistrlik dasturi(ingliz tilini ikkinchi xorij tili sifatida o`qitish) ishga tushirildi.
Hozirgi kunda Vebster tomonidan O`zDJTU, TDIU, SamDChTI negizida ham alohida dasturlar amalga oshirilmoqda.
“Bizning dasturlar O`zbekiston Respublikasi ta`lim salohiyatini mustahkamlash, hozirgi avlod talabalari, qolaversa, mintaqadagi biznes etakchilari va jamoatchilik uchun o`qitishning yangi hamda qiziqarli imkoniyatlarini taqdim etish maqsadida joriy etildi”, - deydi Vebster universiteti prezidenti Julian Shuster.