AsosiyJamiyat

Bosh prokuratura Surxondaryoda o`zini osgan 18 yoshli yigit ishini o`rgandi

'Bosh prokuratura Surxondaryoda o`zini osgan 18 yoshli yigit ishini o`rgandi'ning rasmi

Sal avval «Mening yurtim» telekanalining «Markaziy studiya» ko`rsatuvida Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 18 yoshli o`quvchi nima sababdan o`z joniga qasd qilgani to`g`risida lavha berganini xabar qilgan edik.

Mazkur “Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 18 yoshli yigitning o`limi sabablari xamon ochiqligicha qolmoqdami?” videolavhasi yuzasidan Bosh prokuratura o`rganish olib bordi va ma`lumotlarni darakchi.uzga taqdim etdi.   

Aniqlanishicha, 2019 yil 24 sentyabr kuni soat taxminan 21:00 larda Boysun tumani, “Gaza” mahallasida yashagan fuqaro Akobir X. o`z uyi molxonasining shift qismidagi yog`och ustunga o`zini osib, joniga qasd qilganligi oqibatida hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Boysun tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilgan.

Ma`lum bo`lishicha, fuqaro Mamasharif E. kollej ma`muriyatiga murojaat qilib, 23 sentyabr kuni darsdan qaytayotgan qiziga tosh otgan o`quvchi Akobir X.ga qonuniy chora ko`rishini talab qilgan.

Qizning otasi Mamasharif E. jahldan tushmaganligi sababli kollej direktori Akobir X.ning otasiga hamda “Gaza” mahalla fuqarolar yig`ini xodimlariga qo`ng`iroq qilib, kollejga kelishni so`ragan. Birozdan so`ng, kollejga mahalla kotibi, hudud profilaktika inspektori, profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo`yicha yordamchisi, Akobir X.ni akasi va bobosi kelgan va taraflar ishtirokida tushuntirish ishlari olib borilgan. 

Bundan tashqari, Mamasharif E. qiziga tosh otgan Akobir X.ga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`rab tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Ariza yuzasidan o`tkazilgan tekshirish natijalariga ko`ra, Akobir X.ning harakatlarida MJtKning 52-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo`lsada, uning vafot etganligi sababli  jinoyat ishini qo`zg`atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.   

Hozirda marhumning qarindoshlari tomonidan kollejda bo`lib o`tgan muhokama davomida ta`lim muassasasi direktori va boshqalar tomonidan marhum Akobir X.ni urib tan jarohati etkazganligi va uni haqorat qilib, kamsitganligi sababli Akobir X. ning o`limiga sababchi bo`lgan deb hisoblashmoqda.

Boysun tuman prokuraturasi tomonindan ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasiga ko`ra 2019 yil 24 oktyabr kuni fuqaro Akobir X.ning vafot etganligi holatida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo`lmaganligi sababli, O`zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Marhumga nisbatan kollej ma`muriyati, profilaktika inspektori va boshqalar tomonidan rahmsiz muomalada, qo`pol va ayovsiz munosabatda bo`lish, unga jismoniy va ruhiy azob etkazish holatlariga yo`l qo`yilmagan.

    Boshqa yangiliklar