AsosiyJamiyat

Davlat xizmatlari ko`rsatishning namunaviy reglamenti kerakmi?

'Davlat xizmatlari ko`rsatishning namunaviy reglamenti kerakmi?'ning rasmi

Joriy yilning Davlat dasturida ma`muriy tartiblarni tizimlashtirish va soddalashtirish, bunda mavjud tartib-taomillarni xatlovdan o`tkazib, yagona hujjatda jamlash hamda alohida qabul qilingan reglament va qarorlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan.

Uning ijrosini ta`minlash uchun Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlari markazlari orqali ko`rsatiladigan davlat xizmatlari ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qaror bilan Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti hamda DXMlar tomonidan ko`rsatiladigan davlat xizmatlari Ro`yxati tasdiqlanmoqda.

Bugungi kunga qadar Markazlarimiz orqali ko`rsatilayotgan xizmatlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 5278-sonli Farmoni talablaridan kelib chiqib Ma`muriy reglamentlarni qabul qilish orqali joriy etib kelinayotgan edi. Endilikda mazkur loyiha bilan barcha xizmatlarni joriy etish uchun asos bo`luvchi bitta namunaviy ma`muriy reglament bo`ladi, xolos.

Namunaviy tartib bo`ladimi, bo`lmaydimi, bizga nima farqi bor, deysizmi?

Hamma gap shundaki, bugungi kunda, DXMlarda davlat xizmatlarini ko`rsatish tartibi 100 dan ortiq ma`muriy reglamentlar bilan tartibga solingan. Fuqarolarimiz ushbu normativ hujjatlarni to`liq tushunishi va o`rganishi uchun vaqt talab etiladi. Bundan tashqari, huquqiy tartibga solish tizimi haqida yaxlit tasavvurga ega bo`lish va hujjatlarni taqqoslash uchun maxsus huquqiy ko`nikmalar kerak bo`ladi.

Namunaviy reglament bilan esa bu jarayonlar ancha oson kechadi. Ya`ni, ushbu hujjat davlat xizmatlarini ko`rsatish uchun asosiy ma`lumotlar — uning tartibi, davlat boji, muddati haqidagi ma`lumotlar endi bitta joyda jamlanadi.Fuqarolar esa endi turli xil hujjatlarni o`rganishlari shart bo`lmaydi.

Shuningdek, ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan eng avvalo, ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish, muddatlarni optimallashtirish, vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olish tartibi belgilanadi.

 

    Boshqa yangiliklar