2019-yil 29-oktyabr kuni Rossiya hududidan chiqarib yuborilayotgan O`zbekiston fuqarolari X.A. va Sh.T. samolyot uchishigacha uning xojatxonasida tamaki mahsulotlarini iste`mol qilgani uchun “Uralskie avialinii” aviakompaniyasining Ekaterinburg-Toshkent yo`nalishidagi reysidan tushirib yuborildi. Bu haqiida TIV ma`lum qildi.
Hamyurtlarimiz Sverdlovsk viloyati bo`yicha Chet ellik fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga qaytarib olib ketilgan va ular o`z hisoblaridan aviachiptalarni qaytadan sotib olishlariga to`g`ri keladi.
Avvalroq Bosh konsulxona X.A.ga vatanga qaytish uchun sertifikatni rasmiylashtirib bergan edi va uning aviachiptasi Rossiya federal byudjeti hisobidan xarid qilingan edi.
Konsullik-huquqiy departamenti chet elga chiqqan O`zbekiston fuqarolaridan ular boradigan mamlakatlarning qonunlarini, jumladan turli tashkilotlarda mavjud qoidalarni yaxshilab o`rganishlarini va ularga amal qilishlarini so`raydi.
Shuningdek, Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan viloyati, Sverdlovsk viloyati, Tyumen viloyati, Chelyabinsk viloyati, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra, Yamal-Nenesk avtonom okrugi) hududida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari zarur holatlarda mamlakatimizning Ekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tadi: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.